Sog‘lom bola – sog‘lom kelajak poydevori
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashga Surxondaryo viloyatida 303 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilib, yilning o‘tgan davrida uning 265 milliard so‘mi o‘zlashtirildi.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashga Surxondaryo viloyatida 303 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilib, yilning o‘tgan davrida uning 265 milliard so‘mi o‘zlashtirildi.
Dastur doirasida homiylar hisobidan yuzga yaqin kam ta’minlangan oilalarga zamonaviy maishiy texnikalar bepul tarqatildi. Oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida ham aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Tadbirkor ayollar va ishchilarining kamida 50 foizi xotin-qizlardan iborat bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Nogironlar, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda bolalar parvarishi uchun sakson milliard so‘mdan ortiq mablag‘ berildi. Qariyb 16 ming qizga bepul milliy sport kiyimlari topshirildi.
– Viloyatda sog‘lom oila va sog‘lom bola masalasi birlamchi vazifa sifatida belgilab olingan, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Mavluda Qobulova. – Sog‘lom oila qurish, sog‘lom bolani dunyoga keltirishda bo‘lajak kelin-kuyovlarni nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning alohida o‘rni bor. O‘n mingdan ortiq nikohlanuvchi yoshlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kasalliklarni davolash choralari ko‘rildi. Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rigi sifatini tubdan yaxshilash, ular o‘rtasida irsiy va tug‘ma kasalliklarning oldini olish haqida joylarda keng targ‘ibot ishlari olib borilayotir.
Tibbiy ta’lim va davolash-profilaktika muassasalarining yetakchi mutaxassislari ishtirokida joylarda o‘tkazilayotgan “Fertil yoshidagi ayollar, bolalar va o‘smirlar salomatligini mustahkamlash haftaligi” yaxshi samara berayotir.
Dasturga muvofiq, Termiz shahrida beshta oilaviy poliklinika uchun bino ajratib, rekonstruksiya qilish, 20 nafar umumiy amaliyot vrachini Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida va tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida 10 oylik kurslarda qayta tayyorlash, 500 dan ziyod mutaxassisni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida ona va bola salomatligini muhofaza qilish yo‘nalishida zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga o‘qitish belgilangan. Hozirga qadar oilaviy poliklinika uchun ikkita bino ajratilib, rekonstruksiya ishlari boshlandi. Reja asosida shifokorlar malakasi oshirilayotir.
Viloyat bolalar ko‘ptarmoqli tibbiyot markazi, viloyat perinatal markazi, tumanlar tug‘ruq komplekslari va tibbiyot birlashmalarining bolalar bo‘limlari moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Homilador ayollar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan polivitaminlar bilan ta’minlanib, bolalar turli yuqumli kasalliklarga qarshi emlanmoqda.
Dastur doirasida Uzun, Sariosiyo, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Jarqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmalari, viloyat ko‘ptarmoqli tibbiyot markazi, onkologiya dispanseri, ruhiy asab kasalliklari shifoxonalarida yirik hajmdagi qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi mo‘ljallangan. Shu kungacha bu yo‘nalishda o‘n besh milliard so‘mlikdan ortiq ish bajarildi. 2014-2017-yillarda shahar va tuman poliklinikalaridagi bolalar stomatologiya xonalarini qo‘shimcha yangi asbob-uskunalar bilan jihozlash rejalashtirilgan.
– Yoz mavsumida bolajonlarning mazmunli hordiq chiqarishini ta’minlash ustuvor vazifalardan biridir, – deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi Abdukarim Ahmedov. – Joriy yilda bolalar oromgohlarida yigirma mingga yaqin o‘g‘il-qizning dam olishi ta’minlandi.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida viloyatdagi 12 kasb-hunar kolleji, 11 umumta’lim maktabi ta’mirlanib, ikkita kasb-hunar kolleji va 19 umumta’lim maktabi rekonstruksiya qilindi. O‘quv mebellari, komputer sinflari, o‘quv laboratoriyalari bilan jihozlandi. Buning uchun 23 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Uchta bolalar musiqa va san’at maktabi, sakkizta bolalar sporti inshooti barpo etish va rekonstruksiya qilish uchun 12 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ o‘zlashtirildi.
Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi va boshqa davlat, jamoat tashkilotlari hamkorligida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Mahallalarda o‘tkazilayotgan “Ma’naviyat oiladan boshlanadi”, “Oila – jamiyatning muhim bo‘g‘ini”, “Vatan taraqqiyoti oiladan boshlanadi” kabi mavzularda uchrashuv, davra suhbatlari va boshqa targ‘ibot tadbirlari milliy va umummilliy qadriyatlarni e’zozlash, barkamol avlodni ulg‘aytirishga xizmat qilayotir. Oilada ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirish, sog‘lom bola tug‘ilishi va uni tarbiyalash, erta nikoh va ajrimlarning oldini olish bo‘yicha olti yuzdan ortiq seminar va uchrashuvlar tashkil etildi.
Dasturda aholining madaniy hordiq chiqarishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun zarur sharoit yaratish maqsadida Angor, Boysun, Oltinsoy, Uzun, Sherobod, Sho‘rchi tumanlari va Termiz shahri madaniyat markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, Boysun, Qiziriq tumanlarida madaniyat va dam olish xiyobonlari qurish, uy-joy massivlarida zamonaviy bolalar maydonchalari bunyod etish belgilangan edi. Biroq, mazkur yo‘nalishdagi ishlar sust amalga oshirilayotgani bois, belgilangan rejadan ancha ortda qolish kuzatilmoqda.
Sog‘lom bola yilida o‘tkazilgan ayollar sport festivali, uy bekalari va qizlar o‘rtasida “Gimnastika – barcha uchun” sport musobaqasi, mahallalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Futbolimiz kelajagi”, “Mahallamiz pahlavonlari”, “O‘zbek jang san’ati”, “Otam, onam va men – sportchi oila” kabi sport musobaqalari ham sog‘lom jamiyat barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasidir.