Soʻxning yangi davrini boshlab berayotgan qaror
Mamlakatimizning bir boʻlagi hisoblangan Soʻxda roʻy berayotgan yangilanish va oʻzgarishlarning barchasi xalq manfaatiga qaratilganki, buning qadr-qimmati, ahamiyati beqiyos.
Mamlakatimizning bir boʻlagi hisoblangan Soʻxda roʻy berayotgan yangilanish va oʻzgarishlarning barchasi xalq manfaatiga qaratilganki, buning qadr-qimmati, ahamiyati beqiyos.
Purviqor togʻlar bagʻridagi bu hududda barcha yoʻnalishlarda keng qamrovli bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Soʻxliklar bilan suhbatlashsangiz, shukronaliklardan bugungi hayotidan rozi ekanligini ilgʻab olasiz. Togʻliklarga xos boʻlgan tantiligi, mehnatkashligi va mehmondoʻstligiga qoyil qolmay ilojingiz yoʻq.
Prezidentimizning joriy yil 8-avgustda qabul qilingan “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori esa chegaradosh tuman aholisiga boʻlgan yuksak eʼtiborning yana bir ifodasi boʻldi. Mazkur qaror soʻxliklarni cheksiz quvontirmoqda, ulkan maqsadlar sari ruhlantirayotir
– Tumanimizda barcha sohalarni rivojlantirish uchun imkoniyatlar yetarli, – deydi tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev. – Afsuski, keyingi paytda bu boradagi ishlarga yetarli darajada eʼtibor qaratilmadi. Xususan, ijtimoiy-iqtisodiy yoʻnalishda yechimini kutayotgan masalalar talaygina. Ichki yoʻllarning 60 foizi taʼmirtalab, aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 76 foizni tashkil etadi. Tumanning viloyat sanoatidagi ulushi bir foizni tashkil qilib, aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan sanoat mahsuloti hajmi viloyat koʻrsatgichiga nisbatan 2,2 barobar, xizmatlar 2,5 barobar, eksport esa 6, 3 barobarga past. Shuningdek, tumanimizda maktabgacha taʼlim, tibbiyot sohalarida ham malakali kadrlarga ehtiyoj katta. Qaror bilan tasdiqlangan 2020-2021-yillarda Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarining manzilli dasturi esa bu kabi muammolarga yechim topadi.
Dasturga 146 ta loyiha kiritilgan boʻlib, 639 millirad soʻm mablagʻ sarf etiladi. Undan tijorat banklari kreditlari 123,5 milliard soʻmni, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 5,2 million dollarni tashkil qiladi.
Tumanda zamonaviy raqobatbardosh sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlarni tashkil etish va ularni ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, tadbirkorlikni yana-da qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligini yana-da rivojlantirish, taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tibbiyot sohasi va pedagog xodimlarning mehnatini yana-da ragʻbatlantirish, tumanda oliy maʼlumotli mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni qondirish, taʼlim va tibbiyot xizmatlari sifatini oshirish, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni yana-da kuchaytirish, ularning ish bilan bandligini taʼminlash kabi yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Soʻxda oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlar koʻplab topiladi. Ular safini yana-da kengaytirish, tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlganlarga sharoitlar yaratish tuman iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Qarorga koʻra, tumanda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash borasida bir qator imtiyozlar berildi.
Xususan, 2020-yilda jismoniy shaxslar yer soligʻi va mol-mulk soligʻini toʻlashdan ozod etildi. Shuningdek, joriy yil 1-avgustdan boshlab 2021-yil 31-iyulga qadar yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi amaldagi qatʼiy belgilangan soliq stavkasining 50 foizi miqdorida belgilanib, alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasini olish uchun yigʻimni toʻlashdan ozod qilingani ham katta imkoniyat boʻldi.
Tumanda bugungi kunda 14 mingdan ortiq molk-mulk va yer soligʻi toʻlovchilar bor. Soliq imtiyozining tatbiq qilinishi natijasida joriy yilda 2 milliard 300 million soʻmlik mablagʻlar tuman aholisi ixtiyoriga qoldirilmoqda. Shuningdek, 400 dan ortiq kichik biznes subyektlari ham ana shunday imkoniyatlardan foydalanadi.
Sanoat, xizmatlar va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha 95 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 5 mingta yangi ish oʻrinlarini yaratiladi. 160 kilometr shagʻal qoplamali yoʻllarni sementobeton qoplamaga oʻtkazish va asfalt qoplama yotqizish, 106 kilometr tuproq yoʻllarni shagʻal qoplamaga oʻtkazish va 40 kilometr sementobeton piyodalar yoʻlaklarini qurish ishlari amalga oshiriladi. “Oftobru”, “Tul”, “Hushyor”, “Qaqir”, “Qarir-Sebzor”, “Sarikanda”, “Hazrat ali”, “Ravon”, “Yangiariq”, “Navobod”, “Lenburg”, “Qalacha”, “Gʻaznov”, “Soʻx”, “Chashma”, “Demursad”, “Sharqobod” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida yashovchi 59 ming nafar aholini ichimlik suv bilan taʼminlash maqsadida 274 kilometr ichimlik suv tarmogʻi tortish va 30 ta ichimlik suv inshooti qurish va rekonstruksiya qilish koʻzda tutilgan.
Maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish, maktablar va tibbiyot maskanlarini moddiy texnik bazasini mustahkamlash uchun ham barcha chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, tumanda maktabgacha taʼlim tizimiga joriy yil yakunlariga koʻra bolalarni qamrab olish koʻrsatkichini 37,4 foizdan 53 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Tumanda qishloq xoʻjaligi yerlari va aholi tomorqalarini suv taʼminotini yaxshilash, foydalanilmayotgan yerlarni oʻzlashtirish borasida ham koʻplab ishlar bajarilishi rejalashtirilgan. Qayroq massividagi 1 448 gektar yaylov maydonlarini oʻzlashtirish uchun uch koʻtarmali “Qayroq” nasos stansiyasini bosqichma-bosqich quriladi. Hushyor shirkat xoʻjaligi Boʻston hududidagi 600 gektar ekin yer maydonlari va 100 gektar aholi tomorqalarini kafolatli suv bilan taʼminlash uchun “Hushyor-1” va “Hushyor-2” nasos stansiyalari taʼmirlanadi.
– Tumanimiz doimo davlatimiz rahbarining eʼtiborida, – deydi mehnat faxriysi Tojiboy Dadaboyev. – Soʻx uchun chiqqan qaror esa tarixiy voqea boʻldi desak, yanglishmaymiz. Unda har bir masalaga alohida eʼtibor qaratilgan. Ayniqsa, bizni yoʻl, qoʻshni davlat hududi orqali harakatlanish masalasi juda qiynardi. Fargʻona shahridan Soʻx tumaniga kichik aviatsiya transporti orqali aholiga maqbul narxlarda qatnovlar yoʻlga qoʻyilishi esa katta gʻamxoʻrlikdir. Mazkur qaror ijrosini taʼminlashda xalqimiz yelkadosh boʻladi. Bunday eʼtibor uchun juda minnatdormiz.
Yangi Oʻzbekistonning bagʻrida bugun Soʻx butunlay qayta yangilanmoqda. Bularning barchasi aholi turmush darajasini yaxshilash va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.


