Soʻnggi nafasigacha televizorga termilgan mushtipar ona...
Ajdodlarimizdan qolgan ezgu anʼanalarimizdan biri – duogoʻyligimiz.
Gʻalabaning 75 yilligiga
Ajdodlarimizdan qolgan ezgu anʼanalarimizdan biri – duogoʻyligimiz. Dasturxon boshida, yaxshi ishlarning avvalida, safarlar oldida hamisha duoga qoʻl ochamiz. Eng avvalo, tilimizga dilimizdan: Tinchlik, xotirjamlik boʻlsin, degan tilak qalqib chiqadi.
Ha, biz hamma narsadan avval Yaratgandan elu yurtimizga, qolaversa, bor insoniyatga, yeru samoga tinchlik, xotirjamlik soʻraymiz. Va bilamizki, salomatlik ham, farovonlik ham, orzu-havaslar ijobati ham bir butunlikka aylangan oʻsha ikki soʻzga ergashib keladi.
Ammo bu deganimiz biz urushdan qochamiz, qoʻrqamiz, agar taqdir bizning boshimizga sinov tariqasida “urush” atalmish kulfatini solsa, biror himoya qobigʻiga oʻralib jonimizni saqlaymiz, deganimiz emas. Qaysi zamon, qaysi davrda xalqimizga shunday sinov berilgan boʻlsa, biz bu sinovlardan mardona oʻtganmiz. Uzoqqa bormaylik, tarixlarda goh “Ulugʻ Vatan urushi”, goh “Ikkinchi jahon urushi” deb nomlangan muhorabani olaylik...
Shaxsan men bu urushdan ancha keyin dunyoga kelganman. Uning iztiroblari, yoʻqotishlarini oʻzim koʻrmaganman. Lekin qonli janggohlarda ishtirok qilganlarni, toʻrt muchasi butun ketib, mayib-majruh qaytganlarni va “front orqasi” atalgan jabhalarda bitta oʻzi uch-toʻrt erkak oʻrniga mehnat qilgan jasoratli ayollar va otalari, akalari urushga ketgach, bir kunda bolaligidan ayrilib, ulgʻayib qolgan bola – botirlarni koʻrganman. Maktabda oʻqiyotganimda “iztoparlar” deb atalgan aʼlochi oʻquvchilar guruhi boʻlardi. Men ham aʼzo edim. Biz bayram munosabati bilan qishloqma-qishloq yurib, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan zafarga hissa qoʻshgan insonlarni izlaganmiz:
– Bizni bosib-yanchib olib ketishmagan, – degan edi oʻshanda Neʼmat bobo. – Men endi Pedinstitutni bitirib, fizika oʻqituvchisi sifatida maktabda bir yil dars bergan edim. Urush boshlandi, degan xabarni eshitgach, uch-toʻrtta yosh muallimlar harbiy komissariatga bordik. Bizni jangga yuborishni soʻradik.
– Hozircha sizlarga ehtiyoj yoʻq, sizlar shu yerda – maktabga keraksiz, – dedi formali kishi.
Ammo biz gapimizda turib oldik. Qoʻngillilar qatorida joʻnating, dedik...
Shu xotiralarni gapirayotib otaxon koʻzlariga yosh oldi. Yoʻq, ular koʻngilli boʻlib frontga ketgani uchun iztirobda emas edi. Oʻsha ketganlardan faqat oʻzi qaytganiga, qadrdonlari, “dushmanni yer bilan yakson qilib, ona yurtga yorugʻ yuz bilan qaytamiz”, deb ahdlashgan doʻstlarining adolatsiz urush qurboni boʻlgani uchun alam chekardi. Ha, adolatsizlik alami oʻttiz yildan soʻng ham, uch yuz yildan soʻng ham unutilmaydi.
Koʻngillilar... Ular uch-toʻrtta edimi? Yoʻq! Ular saf-saf edi. Ularning yuragida oʻzbekning ming yillik oriyati uygʻongan edi. Akademik, texnika fanlari doktori Sarvar Qodirovning, shoir Miraziz Aʼzamning otalari ham (xotiralarida oʻqiganman) bu urushga koʻngilli boʻlib ketgan.
Rafiqalari ayolligiga borib:
– Qoling, sizga imkon berilar ekan, – desa, yuragida bosqinchilarga gʻazab oʻti yolqinlangan yigitlar: – Hamma erkaklar urushda boʻlsa, men qaysi yuzim bilan issiq koʻrpada yotaman, – degan va bir yil jang qilar-qilmas ikkovidan ham “qora xat” kelgan.
Ammo ularning jasorati ozgina fursat – oʻsha bir yil bilan emas, koʻra-bila turib, oʻzlarini olovga urgani bilan oʻlchanadi. Men yana oʻsha “iztoparlar” yoʻllarida front orqasida ham hijron, ham mehnat yukini koʻtargan bardoshli ayollar bilan ham suhbatlashganman. Biri Xayriniso aya...
– Paxtadan oʻq yasaladi, desa, onam sepimga qilgan atlas, duxoba koʻrpa-yostiqlarimni soʻkib, paxtasini oq choyshabga tugib, eltib beribman. Xuddi shu paxtam oʻq boʻlib, erim, ikki akam, otamning sadogʻiga solib beriladigandek, choyshabga “Munglik Xayrinisongizdan”, deb qizil ipak bilan yozibman, – deya xotirlagandi Xayriniso aya.
– Xayriniso ayaning kelinlik sarposi paxtalari oʻz jigarlariga, ehtimol yetmagandir... Lekin minglab Xayrinisolardan meros tillo, kumush taqinchoqlar frontga madad sifatida yuborilgani va ular chindan madad boʻlgani, haqiqat.
Mana bu maʼlumotlarga eʼtibor beraylik: “...tank koloniyasi va avia eskadrilya qurilishi uchun aholidan 320 million soʻm pul toʻplangan... 1944-yilning birinchi yarmida Ukrainaga 300 tonna gʻalla, 8300 bosh qoramol, 6700 bosh qoʻy joʻnatilgan... Sentyabr oyining oxirlarida oziq-ovqat mahsulotlari va jihozlar toʻldirilgan 374 vagon joʻnatilgan... 12-oktyabrda Ukrainaga 450 vagonda sovgʻalar bilan birga yana 300 tonna gʻalla, 8300 bosh qora mol, 100 ming juft oyoq kiyim yuborilgan...”.
Bu urush maydonlari va urushdan ozod etilgan hududlarga Oʻzbekistondan joʻnatilgan joʻnatmalarning mingdan biri ham emas. Quruq meva, gazlama, hatto traktor, avtomobil... (Urush yillari juda koʻp sanoat korxonalari bizga koʻchirib keltirilgan edi). Ularning turlari va sonini sanashga sanoqlar kamlik qilardi. Xalqimiz oʻzlari zogʻora non yeb boʻlsa-da, bolalariga yovgʻon taom yedirsa-da, yeguliklarning sarasini urushda jon olib, jon berayotganlarga, qolaversa, urushdan iligi uzilib chiqqan qardoshlariga ilingan.
Urush maydonlarida ham hamyurtlarimiz boshqa xalqlar bilan tengma-teng jang qilgan. Tarixni soʻzlatamiz:
“...Omon Umarovning kichik harbiy boʻlimi favqulodda katta qahramonlik koʻrsatdi. Boʻlim jangchilari Odessa shahri yonida qurilgan dushman aerodromiga hujum qilib, fashistlarning 16 ta samolyoti, 30 ta avtomashinasini yoqib yubordi. Hamid Zaripov rotasi minalashtirilgan yoʻlda dushmanning 27 tanki 13 bronetrasporterini portlatdi”.
Ular “Vatan uchun! Gʻalaba uchun!” deya jangga kirganlar! Bosib turgan tuprogʻi balki Ukraina, balki Belarus, balki Polsha boʻlgandir... Lekin ularning koʻz oldida oʻsha payt Samarqandning osmonoʻpar minoralari, Fargʻonaning zilol suvlari turgani haqiqat. Ular sochlarini mayda oʻrgan sevgililari, atlas koʻylakda qorachiqlariga muhrlangan jufti halollari, oftob chehrali onalari mehridan quvvat olgani rost. Oʻsha mehr-muhabbat kuchi bilan 120 ming oʻzbekistonlik orden va medallar sohibi boʻlgan, 338 yurtdoshimiz Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor boʻlgan. Birinchi oʻzbek generali Sobir Rahimovga hatto oʻsha paytda Sovet Ittifoqining Bosh qoʻmondoni: “Temir, metin general”, deya baho bergan ekan. Tepalikni egallash uchun dushman minamyotiga koʻksini qalqon qilgan Toʻychi Eryigitov, Brest qalʼasini ozod qilishda jasorat koʻrsatgan Doniyor Abdullayev, Ahmad Aliyev... Ular juda koʻp edi, ular rasmiy maʼlumotlarda 1,5 million edi... Shundan 420 ming nafari qaytmadi... Jigarbandining oʻrniga bir parcha “bedarak yoʻqoldi” degan qogʻoz olgan, shu qogʻozga umrining oxirigacha umid shuʼlasidek tikilgan onalar qancha! “Onam eslaydilar: – Karima xola bor edi ikkinchi koʻchada... Abdurahim ismli oʻgʻlidan “bedarak yoʻqoldi”, degan xabar kelgan ekan. Mushtipar ona doim televizorga termilib oʻtirar ekan. “Germanni koʻrsatmayaptimi? Qaranglar, balki, Abdurahimim ham koʻrinib qolar...”, deb zorlanar ekan.
Vaqti-soati yetib, Karima xolaning soʻng safari yaqinlashibdi. Boshi yostiqda ekan-u, ammo jon bera olmasmish... Nuqul “Abdurahim, Abdurahim”, deb zorlanar emish. Shunda yoshi ulugʻlardan biri:
– Nevaralaridan kimdir kelib, “Ona, men keldim, Abdurahimman”, deb boshiga engashsin, – deya maslahat beribdi. Shunday qilishgan ekan, onaizor: “Shukr, oʻzingga shukr”, deb, kalima qaytaribdi va jon taslim qilibdi. Onam har gal shu voqeani eslaganida shoira Zulfiyaning bir satrini takrorlab qoʻyadi:
Urush! Noming oʻchsin jahonda!
Ha, oʻzi hayotimizdan oʻchgan boʻlsa-da, alamlari xotiralarda yashayotgan bu urush jabrdiydalari – Xayrinisolari, Karimalari yarim yurak bilan ham janggohlardan yurtimizga evakuatsiya qilingan oilalar, bolalarga uylari toʻridan joy, dasturxonidan non berganlar.
Kattaqoʻrgʻonlik Hamid Samatovlar oilasi 13 oʻgʻil-qizni, samarqandlik kolxozchi ayol Fotima Qosimovalar oilasi 10 bolani bagʻriga olgan. Hatto, Yoʻldosh Oxunboboyev, Usmon Yusupov kabi rahbarlarning oilalari ham urush yetimlariga ota-onalik qilganlar. Toshkentlik Shomahmudovlar xonadonida esa 14 oʻgʻil-qiz voyaga yetgan. Ular oʻsha yillardayoq mehr-muhabbatlari bilan tillarda doston boʻlib ketgan. Ha, yurtdoshlarimiz “oʻzbek” soʻzining mohiyatiga sodiq qolgan, bu soʻzni jasorati, sadoqati bilan boshqalar koʻzida yana ham yuksaklarga koʻtargan.
Yaqinda shu fikrimizni dalillaydigan tarix kitobining yana bir jasorat sahifasi ochildi. Niderlandiyalik tadqiqotchi-jurnalist Remko Reydinning uzoq yillik izlanishlari natijasida dunyo ahli Niderlandiyada otib tashlangan 101 oʻzbek, ularning fojiali qismati va jasorati haqida maʼlumotlarga ega boʻldi. Gap shundaki, fashizm urugʻini ekib, millionlarning uvoliga qolgan va hayotining soʻngida bu uvol tutgan “oqpadar” (Gʻafur Gʻulom iborasi) Adolf Gitler Moskva jangidan oldin nemis askarlariga ruh berish uchun bizning armiyamiz nochorligini koʻrsatuvchi film yaratishni buyurgan ekan. Asir olingan 101 oʻzbek askari tutqunda saqlanayotgan “Amersfort” konslageri bu filmga obyekt sifatida tanlanibdi. Fashistlar asirlarni bir necha vaqt davomida och qoldirib, ularni ruhan, jismonan ezib, kino olishga kelishadi. Bir boʻlak nonni mahbuslarga tashlab manzarani suvratga olishga shaylanishadi. Ular bir burda non uchun asirlar bir-biriga yirtqichlarday tashlanishadi, degan xayolda edi. Ammo ularning yoshi kichigi nonni olib peshonasiga tekkizib, yoshi ulugʻining qoʻliga beradi. U ham nonni peshonasiga tekkizadi-da, bir tishlamdan hammaga boʻlib beradi. Oʻzbeklar bir tishlam nonni yeb, “Shukr”, deb yuzlariga fotiha tortishadi.
Gitler Moskva uchun boʻlgan janglarda bir million askarini qurbon berdi, magʻlubiyatdan soʻng sharmandalarcha kelgan yoʻlidan iziga qaytdi. Uning bu magʻlubiyatida ochlikda ham ruhan sinmagan, jismi Niderlandiya tuprogʻiga qoʻshilsa-da, ismi mard oʻzbeklar sanogʻida yarqirab qolgan oʻsha 101 jangchining munosib hissasi bor. Chunki fashistlarga ruh beruvchi film yaratilmadi. Ularning rejalari chippakka chiqdi.
Urushning har bir yilida xuddi shunday yurakka kuch beruvchi, gʻururga toʻldiruvchi voqealar chiqib keladi, kelaveradi. Ular bugun mamlakat miqyosida baland darajada xotirlanmoqda. Shaxsan muhtaram Prezidentimiz tavsiyalari bilan poytaxtimizda Gʻalaba bogʻi bunyod etilmoqda. Undagi har bir ashyo oʻsha unutilmas yillardan soʻzlaydi. Tinchlikni qadrlashga undaydi. Bizning xalqimizning “mehnatsevar, mehmondoʻst” va yana shunday bir qancha ezgu sifatlari bor. Bu bogʻni kezganlar, uni ziyorat qilganlar oʻzbeklarning “Qahramon xalq” degan yana bir sharafga munosib ekanini anglaydi.
Munavvara USMONOVA,
“Saodat” jurnali bosh muharriri.