Snayder: “Agar seni “Real Madrid” chaqirsa, borishing kerak”
30 yoshli Dyumfris “qirollik klubi” safiga 20 million yevro evaziga qo‘shilgan.
Niderlandiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Uesli Snayder Denzel Dyumfrisning “Inter”dan “Real Madrid”ga transferi haqida fikr bildirdi.
“Agar seni “Real Madrid” taklif qilsa, borishing kerak. Bu mutlaqo boshqa darajadagi klub. Endi Dyumfris Milandagidan ham yaxshiroq o‘ynashi talab etiladi. “Real Madrid”ning maqomi “Inter”nikidan yuqori”, — dedi Snayder.
Uning fikricha, Madrid klubidagi katta bosimga qaramay, niderlandiyalik futbolchida yangi jamoasida muvaffaqiyat qozonish uchun barcha imkoniyat mavjud.
““Real Madrid”da bosim juda katta. Ammo Denzelda u yerda o‘zini ko‘rsatish uchun barcha sifatlar bor. U “Inter”da juda yuqori darajaga chiqdi”, — deya qo‘shimcha qildi sobiq futbolchi.
30 yoshli Dyumfris “Real Madrid” safiga 20 million yevro evaziga qo‘shilgan. Futbolchi madridliklar bilan 2030-yil yozigacha mo‘ljallangan shartnoma imzolagan.