SMTI eksperti: "Chegara masalasini hal qilish Farg‘ona vodiysidagi yangi siyosiy voqelikni aks ettiradi"
Joriy yilning 31-mart kuni Farg‘ona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik forumi doirasida "Do‘stlik stelalari – qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik ramzi" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon olimlari va ekspertlari, parlamentlar vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari, nodavlat notijorat tashkilotlari yetakchilari ishtirok etdi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) yetakchi ilmiy xodimi Shahlo Hamraxojayeva so‘nggi yillarda Farg‘ona vodiysida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga e’tibor qaratdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mintaqada, jumladan, eng murakkab va nozik masalalardan biri - chegara nizolarini hal qilishda chuqur o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Ekspertning ta’kidlashicha, ushbu jarayonlarning yaqqol tasdig‘i Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasi va Davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi bo‘ldi, bu muloqot, o‘zaro hurmat va umumiy kelajak uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishga intilishga asoslangan yangi siyosiy voqelikning shakllanishini anglatdi.
O‘tgan yilning oktabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilgan Farg‘ona tinchlik forumi ushbu jarayonning amaliy davomi bo‘ldi. Tadbirning muhim jihati uning inklyuzivligida: unda fuqarolik jamiyati vakillari, mahallalar, shuningdek, yoshlar va xotin-qizlar faollari ishtirok etdi.
SMTI vakili ushbu maydonning ahamiyati mintaqaviy darajada ham o‘z tasdig‘ini topganini ta’kidladi. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-maslahat uchrashuvida so‘zga chiqib, ushbu formatni muntazam Xalqaro forumga aylantirish tashabbusini ilgari surdi.
Bu g‘oya mintaqa davlatlari rahbarlari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.
Umuman olganda, Sh. Hamroxojayeva Farg‘ona vodiysining tinchlik va barqaror rivojlanish makoniga aylanayotgani mintaqaviy hamkorlik samaradorligining yaqqol namunasi ekaniga ishonch bildirdi. Ishonchni yanada mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va strategik tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish nafaqat Markaziy Osiyo, balki kengroq mintaqalararo hududda ham barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zA