SMEC kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov xalqaro konsalting va muhandislik sohasida faoliyat yurituvchi SMEC kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
SMEC – muhandislik va infratuzilma sohasida faoliyat yurituvchi Belgiyaning xalqaro konsalting kompaniyasi bo‘lib, 40 dan ortiq mamlakatda yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. O‘zbekistonda esa 1999-yildan buyon suv xo‘jaligi, energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat boshqaruvi sohalarida faoliyat yuritmoqda.
Hokimlik axborot xizmatining xabar berishicha, muloqot davomida irrigatsiya tizimini yanada takomillashtirish, suv resurslaridan samarali foydalanish, shuningdek, Navoiy xalqaro aeroporti faoliyatini rivojlantirish va uning logistika salohiyatini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda istiqbolda SMEC kompaniyasi bilan hamkorlikda Navoiy viloyatining investitsiyaviy, sanoat va turizm salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib etish maqsadida Germaniya hamda Fransiya davlatlarida viloyat taqdimotlarini tashkil etish rejalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri