Sirk san’ati muammolariga bag‘ishlandi
Madaniyat vazirligida "O‘zbek davlat sirki" davlat muassasasi hamda shu sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash, xodimlarni xorijiy davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish, ularning malakasini oshirish masalalari yuzasidan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida kadrlar masalasidagi muammolar va ularning yechimlari, sirk va maktab o‘rtasida ijodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangidan-yangi ijodiy loyihalar, tomoshabinlar va muxlislarga hayrat va zavq bag‘ishlovchi badiiy dasturlar yaratishdek dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Iqtidorli, salohiyatli, o‘zbek sirk san’atini dunyoga tanitish maqsadida tinmay mehnat qilayotgan yoshlarni xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga, ancha yillardan beri sohada faoliyat olib borayotgan ijodkorlar va pedagog xodimlarni chet mamlakatlarga malaka oshirishga yuborish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalarida bir qator taklif-mulohazalar bildirildi va vazifalar belgilab olindi.
“O‘zbek davlat sirki" va Respublika estrada va sirk kollejining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy innovatsion vositalar bilan ta’minlash, ilg‘or tajribalarni tatbiq etish muammolari mavjudligi aytib o‘tildi.
O‘zA