Sirdaryoliklar g‘alladan yuksak xirmon yaratdi
Sirdaryolik mirishkorlar g‘alladan yuksak xirmon yaratib, zimmalaridagi vazifani sharaf bilan ado etdi. E’tiborli jihati belgilangan marra juda qisqa muddat — 16 kunda zabt etildi.
Bu yil 76,2 ming gektar maydonda mo‘l g‘alla hosili yetishtirildi. Bugungi kun holatiga 64,2 gektar maydondan 465 ming 500 tonna don yig‘ib olinib, viloyat qishloq xo‘jaligi tarixida birinchi marotaba o‘rtacha 72,5 sentnerdan hosildorlikka erishildi. Bu muvaffaqiyatga erishishda, ayniqsa, har gektar maydondan o‘rtacha 85-100 sentnerdan hosil olgan “Sayohat zavqi”, “Mehnatkashga omad yor”, "Bekzod Obloqulov", "Qurama" va "Sayxun bahor gavhari" singari fermer xo‘jaliklarining hissasi salmoqli bo‘ldi.


Bug‘doy maydonlari o‘tgan yillarga nisbatan birmuncha qisqarganiga qaramasdan yalpi xirmon salmoqli bo‘lishida Prezidentimizning sohada amalga oshirayotgan ilg‘or islohotlari, qolaversa, sirdaryolik mirishkorlarning yillar davomida to‘plagan tajribasini ilmiy asosda, uyg‘un olib borayotgani muhim omil bo‘ldi, deyish mumkin.
Ta’kidlash joizki, joriy mavsumda qishning kamyog‘in, quruq kelganligi, bahorning seryog‘in kechmagani, albatta, keyingi yillarda kuzatilayotgan suv taqchilligi fermer xo‘jaliklarini obdon sinovdan o‘tkazgani ham rost. Shunday bo‘lsada, mirishkor dehqon-fermerlar, ularga yelkadosh bo‘layotgan qishloq xo‘jaligi korxona va tashkilotlari, mutaxassislar har bir agrotexnik tadbirlarni oqilona amalga oshirish orqali ko‘zlangan hosil yetishtirildi.


Hosilni o‘z vaqtida nes-nobud qilmasdan saranjomlab olish ham har bir xo‘jalikdan omilkorlik bilan ish ko‘rishni taqozo etdi. Nega deganda, o‘rim-yig‘im kechiktirilsa, g‘alla bekorga isrof bo‘lishi, yil bo‘yi qilingan mehnat zoye ketishi mumkin. Shu maqsadda viloyatda 136 ta o‘rim-yig‘im otryadi tashkil etilib, har bir otryadga yuqori unumli kombayn va tashish texnikalari biriktirildi. Ularning ish unumdorligini oshirish maqsadida dalaning o‘zida yoqilg‘i-moylash, ehtiyot qism ta’minotiga doir servis xizmati, issiq ovqat tashkil etildi.
Albatta o‘rim-yig‘im jarayonida yong‘in xavfsizligi, tashkiliy jihatlar, qolaversa, dalada ishni barqaror yuritish, talon-tarojliklarning oldini olishda ichki ishlar idoralari, milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar xodimlari ham alohida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Ularning o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan ado etayotgani tufayli bugun sara bug‘doy xirmonlari ko‘kka bo‘y cho‘zmoqda.


Bir tomonda hosili yig‘ishtirib olinayotgan ekin maydonlarini somondan tozalash, chuqur haydab, takroriy ekin ekishga tayyorlash ishlari ham boshlab yuborilgan. Bug‘doydan bo‘shagan maydonlarni ehtiyojmand aholiga bo‘lib berish ishlari ko‘zda tutilgan. Bu taraddud nafaqat rizq-ro‘zimiz mo‘lligi, dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlash, balki kamxarj oilalarni daromadli qilishga xizmat qiladi.
Hali dalalarda hosil mo‘l. Shu bois mirishkorlarimiz o‘rtacha hosildorlikni 80 sentnerga yetkazish maqsadida astoydil mehnat qilmoqda.

Shuhrat Suyarov, O‘zA