Sirdaryolik yosh qonun bilimdonlari g‘olib bo‘ldi
Andijonda "Yoshlar va qonun" tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Andijon shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi, Adliya vazirligi hamda qator vazirlik va idoralar hamkorligida o‘tkazilgan tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikamizning barcha viloyatlari jamoalari belgilangan to‘rtta shart asosida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Yoshlarning huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirish, jamiyat hayotida qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni, shuningdek, ta’lim muassasalari o‘quvchilarining huquqiy bilimlari, ongi va madaniyatini yanada mustahkamlash maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilgan "Yoshlar va qonun" tanlovining saralash bosqichi joriy yilning aprel oyida o‘tkazilgan edi. Saralash bosqichida 11 ming 209 jamoa tarkibida 105 ming 102 nafar o‘quvchi qatnashib, o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Tanlovning yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tgan tuman, shahar hamda viloyat bosqichlarida o‘z jamoalari tarkibida 16 ming nafarga yaqin yoshlar faol ishtirok etdi.
Qiziqarli va keskin bahslar ostida o‘tgan tanlovning respublika bosqichi yakuniy natijalariga ko‘ra, Sirdaryo viloyatining “Sohibqiron izdoshlari” jamoasi 1- o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Andijon viloyatining “Femida”, uchinchi o‘rin esa Navoiy viloyatining “Femida 1” jamoalariga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlari tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
[gallery-2862]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA