Sirdaryolik paxtakorlar zafar quchdi
Sirdaryo viloyati mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib, joriy yilgi paxta topshirish shartnomaviy rejasini bajardi. Fermer xo‘jaliklari tomonidan mo‘l hosil yetishtirilib, 271 ming tonnadan ziyod paxta xirmoni bunyod etildi. Har bir gektar yerdan olingan hosildorlik o‘rtacha 37 sentnerni tashkil qildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Sirdaryo iqlim sharoitida paxtachilikda bunday yuqori hosildorlikka erishish katta yutuqdir. Bu yil viloyatda yerning sho‘rini yuvish, meliorativ holatiga alohida e’tibor qaratildi. Yana muhim jihatlardan biri –tuproq-iqlim sharoitiga mos navlarning tanlangani. Joriy mavsumda 77 ming 500 gektar maydonga chigit ekildi. G‘o‘zani navlar bo‘yicha joylashtirishda hududlarning tuproq-iqlim sharoiti, suv ta’minoti hamda sohaning yetakchi olim va mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, shuningdek, klaster korxonalari takliflari inobatga olindi.

E’tiborli jihati, 6 ming 200 gektar maydonda yangi navlar sinovdan o‘tkazildi. 1 ming 656 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish usuli joriy etildi. G‘o‘za parvarishi ham ilg‘or tajribalar asosida tizimli tashkil etildi. Klaster korxonalari tomonidan mineral o‘g‘itlar zaxirasi to‘liq yaratilganligi hamda fermer xo‘jaliklariga uzluksiz yetkazib berilishi samara berdi. Defoliatsiyaning o‘z muddatida va sifatli o‘tkazilganligi hisobiga yetishtirilgan hosilni yog‘ingarchilik kunlariga qolmay yig‘ishtirib olish imkoniyati yaratildi.

Klaster korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalasiga ham ustuvor vazifa sifatida qaraldi va joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 30 milliard so‘mdan ziyod 60 ga yaqin qishloq xo‘jaligi texnikasi olib kelindi.
Sayxunobod, Guliston va Xovos tumanlari 30 ish kunida davlatga paxta sotish shartnomaviy rejasini viloyatda birinchilardan bo‘lib bajardi. Shuningdek, Sirdaryo, Mirzaobod tumanlari ham paxta xirmoniga munosib hissa qo‘shdi. Dalalarda hosil hali mo‘l. Sirdaryoliklar hosildorlikni o‘rtacha 40 sentnerga yetkazishni ko‘zlab shijoat bilan mehnat qilishmoqda.

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri