Sirdaryolik fermerlar Misrga sayohatga boradi
Guliston shahridagi “Zomin” tantanalar majmuasida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni – “Hosil bayrami” munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Sirdaryo viloyati hokimi, senator Akmaljon Mahmudaliyev soha xodimlarini bugungi kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi va bu yilgi erishilgan natijalar, oldinda turgan dolzarb vazifalar haqida to‘xtaldi.
Joriy yil viloyatimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan jami 11 trln 218 mlrd so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 1 trln 936 mlrd so‘m ko‘p foyda olindi. Mirishkor dehqon va fermerlar, suvchi va irrigatorlar, mexanizator va agronomlarning zahmatli mehnati, ilmiy yondashuvlari bilan 563 ming tonna g‘alla, 712 tonna pilla, 505 ming tonna meva-sabzavot, 331 ming tonna go‘sht va sut mahsulotlari, 136 mln dona tuxum yetishtirildi.


Ayniqsa, paxtachilikda erishilgan yutuqlar salmoqli bo‘ldi, deyish mumkin. Paxtachilik klasterlari va fermerlar tomonidan 300 ming tonna yoki shartnomaviy rejaga nisbatan 111,2 foiz paxta xomashyosi yetishtirildi. O‘tgan yilga solishtirganda o‘rtacha hosildorlik 4,2 sentnerga oshdi.
Investitsiya dasturlari doirasida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish bo‘yicha 374 mlrd so‘mlik mablag‘lar hisobiga 188 ta loyiha amalga oshirilib, 2 000 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.



Tadbirda soha rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda qishloq xo‘jaligi xodimlari «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi», «O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi a’lochisi», «Namunali tomorqachi» ko‘krak nishoni, “Sirdaryo viloyatining 60 yilligi” esdalik nishoni, tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlandi. Shuningdek, eng ilg‘or 19 nafar fermerga Misr davlatiga sayohatga borish uchun yo‘llanma taqdim etildi.


San’at ustalari va yosh xonandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, raqslar bayram shukuhiga shukuh qo‘shdi.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev(surat),
O‘zA muxbirlari