Sirdaryolik ayollarga yuksak ehtirom ko‘rsatildi
Sirdaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayolga – ehtirom” deb nomlangan ijod, san’at va sportda, sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikda faol xotin-qizlar, ko‘zga ko‘ringan tashabbuskor, fidoyi va rahbar ayollar ishtirokida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyot fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida boshlangan bayram tadbirda viloyat, shahar hokimliklari, sektorlar rahbarlari, yozuvchi, shoir, jurnalist, ishlab chiqarishda faollik ko‘rsatgan ayollar, mahalliy Kengash deputatligiga saylangan ayollar, siyosiy partiyalar, jamoatchilik, ommaviy axborot vositalarining vakillari, jahon, Osiyo, xalqaro va mamlakat musobaqalarida yuqori natijalarni ko‘rsatgan sportchi xotin-qizlar va shu maktabning o‘quvchi-yoshlari ishtirok etdi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir ijod maktab bo‘sag‘asida qad rostlagan xalqimizning suyukli va ardoqli shoirasi Halima Xudoyberdiyevaning haykali poyiga gulchambar qo‘yish bilan boshlandi.
[gallery-1398]
Tadbirda ushbu ijod maktabi direktori, “Turon” fanlar akademiyasi akademigi, shoir Muhammad Ismoilov va boshqalar so‘zga chiqib, o‘z hayot va ijodi bilan o‘zbek ayollari sadoqati siymosini yarata olgan O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya Isroilova, o‘zbek-xotin-qizlarining vijdoni, qalb kechinmalarini qog‘ozga tushirgan O‘zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyevaning mazmunli hayoti va ijodi haqida so‘z yuritildi.
Ijod maktabining o‘quvchilari ularning ijodi, she’rlaridan namunalar o‘qidi. Shu maktabining 6-sinf o‘quvchisi Zulhayo Mingboyeva Halima Xudoyberdiyeva qalamiga mansub Zulfiya Isroilovaning 60 yillik yubileyiga bag‘ishlab yozilgan “Siz yuksaksiz” she’rini ifodali qilib yoddan o‘qib berdi.
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri Guliston shahridagi “Yangi Zomin” tantanalar majmuasida davom etdi.
Majmuada har bir tuman va shaharlardan tayyorlab kelingan milliy taomlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Yangi ish o‘rinlari yaratishda, ishlab chiqarish, ijodda va sportda yuksak natijalarni ko‘rsatgan ayollarga faxriy yorliq, bank sertifikatlari va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
To‘kin dasturxon atrofida tashkil etilgan bayram tadbirida respublika poytaxtidan tashrif buyurgan taniqli san’atkorlar va viloyat ijrochi yoshlari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbirida Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev so‘zga chiqdi.
A.Qayumov, F.Toshmatov(surat), O‘zA