Sirdaryodagi muammolar “mahallabay” tizimida bartaraf etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Energetika hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari va boshqa mutasaddi tashkilotlar mutaxassislaridan tashkil topgan maxssus komissiya a’zolari tomonidan aholi bilan ishlashning “mahallabay” tizimi asosida Sirdaryo viloyatidagi 224 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir ta’minotidagi muammoli masalalar tanqidiy ruhda o‘rganib chiqildi.
Sirdaryo tumanidagi 38 ta mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan o‘rganishlarda yuqorida ta’kidlangan masalalar yuzasidan bir qator muammolar borligini ko‘rsatdi.
O‘rganish jarayonida tumanidagi 23 ta mahallada elektr energiyasi, 15 tasida tabiiy, 14 tasida suyultirilgan gaz hamda 14 tasida ko‘mir ta’minoti bilan bog‘liq muammolar aniqlandi.

Energetika vazirligi ishchi shtabi tomonidan Sirdaryo tumanida o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishda tizim korxonalariga aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha 10 kun muddat davomida bajarish uchun mas’ullar belgilandi. Zarur chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va barcha muammolarni joriy yilning 1 sentyabrigacha to‘liq bartaraf etish topshirig‘i berildi. Shu kunning o‘zida Energetika vazirligi va tizim korxonalari tomonidan Sirdaryo tumanidagi “Kamolot” mahalla fuqarolar yig‘inidagi muammolarni joyida hal etish choralari ko‘rildi.
Jumladan, 15 tonna suyultirilgan gaz, 5 tonna ko‘mir yoqilg‘isi tarqatildi. Kam ta’minlangan, “Temir daftar”ga kiritilgan G.Bobokalonova hamda D.O‘tayevalar gaz plitasi va suyultirilgan gaz balonlari, I.Misirova, I.Normatova, U.Qambarova hamda F.Sattorovalar ko‘mir mahsuloti bilan ta’minlandi.
– Shunday ayozli kunlarda uyni qanday isitishni bilmay, boshim qotib turganida, Respublika va viloyatdan kelgan ishchi guruhi xodimlari bepul ko‘mir tushirib ketishdi, – deydi Iroda Misirova. – Uylarimiz oydek isib qoldi. Bizdek ehtiyojmandlarni o‘ylab, shunday komissiyani yuborgan yurtboshimizga rahmat.

“Temir daftar”ga ro‘yxatga olingan mahalladagi boshqa ehtiyojmand oilalarga Energetika vazirligi vakili, Ishchi guruhi boshlig‘ining o‘rinbosari A.Eshonqulov rahbarligida suyultirilgan gaz balonlarini uzluksiz yetkazish, har bir zarurati bo‘lgan oilalarga 300 kilodan ko‘mir yetkazib berish ishlari amalga oshirildi.
Shu kunning o‘zida tuman elektr tarmoqlari bo‘limi boshlig‘i A.Komilov boshchiligida, mahalladagi elektr transformator yangilanib, “Temir daftar”dagi 6 ta oilaga elektr tejamkor lampochkalar o‘rnatib berildi.
Energetika vazirligi ishchi guruhi a’zolari tumandagi boshqa mahallalarda ham elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir ta’minotidagi muammoli masalalarni bartaraf etish ishlarini izchillik bilan davom ettirmoqda.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV(surat),O‘zA