Sirdaryoda yangi avlod muhandislari kamol topmoqda
Sirdaryo viloyatida robototexnika va innovatsion ta’lim yo‘nalishlariga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Guliston shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari xalqaro va respublika miqyosidagi musobaqalarda yuqori natijalarni qayd etib, yangi avlod muhandislari shakllanayotganini amalda isbotlamoqda.
Jumladan, 2026-yilda Toshkent shahridagi Yangi O‘zbekiston universitetida o‘tkazilgan sun’iy intellekt va texnologiyalar bo‘yicha xalqaro musobaqada maktabning 10-sinf o‘quvchilari Muhammadaziz Tugalov, Rihsivoy Usmonov va Komiljon Xolmurodovlar jamoasi 1-o‘rinni egallab, 3 ming dollar miqdoridagi mukofotga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Prezident maktablari o‘rtasida tashkil etilgan “STEM+” musobaqasining respublika bosqichida ham aynan gulistonlik o‘quvchilar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Bu kabi yutuqlarda robototexnika yo‘nalishi o‘qituvchilari Orifjon Obitov va Aziz Yunusovning hissasi katta. Ular o‘quvchilarni nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy mashg‘ulotlar orqali tayyorlab, ularda muhandislik fikrlashi va innovatsion yondashuvni shakllantirmoqda.
– Maktabimizda robototexnika to‘garagi o‘quvchilarning eng faol yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu yerda ular texnik bilimlar bilan birga mustaqil fikrlash va muammolarga yechim topish ko‘nikmalarini ham rivojlantirmoqda, – deydi maktab maslahatchisi Madina Saparova. Ayni paytda robototexnika to‘garagi 100 nafardan ortiq o‘quvchini qamrab olgan bo‘lib, ular turli loyihalar ustida ish olib bormoqda. Xususan, sumo robotlari, liniya bo‘ylab harakatlanuvchi robotlar yaratilib, musobaqalarda sinovdan o‘tkazilmoqda.
Guliston shahridagi Prezident maktabi 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda respublikadagi ilg‘or ta’lim muassasalaridan biriga aylangan. Ta’lim jarayoni tabiiy va aniq fanlar, axborot texnologiyalari, muhandislik hamda xorijiy tillar bo‘yicha chuqurlashtirilgan holda tashkil etilgan.
Maktab zamonaviy infratuzilma — STEAM laboratoriyalari, yuqori texnologiyali kompyuter sinflari va “smart” doskalar bilan ta’minlangan. Shuningdek, o‘quvchilar uchun yotoqxona, ovqatlanish, tibbiy va sport xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
E’tiborli jihat shundaki, ta’lim muassasasi 2026-yilda xalqaro darajada e’tirof etilib, "Council of International Schools" tomonidan akkreditatsiyadan o‘tdi. Bu esa ta’lim sifati xalqaro standartlarga mos ekanini tasdiqlaydi.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi yondashuvlar yoshlarda texnika va innovatsiyalarga bo‘lgan qiziqishni erta shakllantirishga xizmat qiladi. Natijada esa kelajakda raqobatbardosh muhandislar, dasturchilar va ixtirochilar yetishib chiqadi.
[gallery-undefined]
Shu tariqa Sirdaryo viloyatida yaratilayotgan zamonaviy ta’lim muhiti yangi avlod mutaxassislarini tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov(surat), O‘zA