Sirdaryoda transport nazorati sohasida shaffoflik kuchaymoqda
Sirdaryo viloyatida transport sohasida raqamlashtirish va nazorat ishlari kuchaytirilmoqda. Bu haqda Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasining majlislar zalida Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Anjumanda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etishdi.
Tadbirda inspeksiya Axborot xizmati rahbari Firdavs Xayriddinov, Avtomobil va suv transportida nazorat hududiy bo‘limi boshlig‘i Ahmad Soatov hamda Yo‘l qurilish ishlarini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ixtiyor Temirov sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar va yangi loyihalar haqida ma’lumot berishdi.
So‘nggi yillarda inspeksiya faoliyatida raqamli texnologiyalarni joriy etish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Korrupsiya omillarini cheklash, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash maqsadida to‘rtta zamonaviy axborot tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilgan.
Jumladan, “Yo‘l sifat nazorati” tizimi orqali 2024–2025 yillarda 4 056 ta ob’ekt va 47 ta buyurtmachi ro‘yxatdan o‘tkazilib, 1 586 ta tekshiruv natijalari bazaga kiritildi. “Temir yo‘l tarkibi va infratuzilmasi ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish” tizimi orqali esa tadbirkorlarga onlayn xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan. Shu kunga qadar unga 8 292 ta ariza kelib tushgani ma’lum qilindi.
“Xavfni tahlil qilish” tizimiga 2 756 ta tadbirkorlik sub’ekti haqida ma’lumot kiritilib, ular xavf darajasiga ko‘ra saralanmoqda. “Daryo transportini davlat ro‘yxatidan va texnik ko‘rikdan o‘tkazish” tizimi hozircha sinov tariqasida ishlamoqda.
Inspektorlar ish samaradorligini oshirish maqsadida 240 ta yangi avlod planshetlari xarid qilingani ham qayd etildi. Bu orqali ma’muriy bayonnomalar elektron shaklda rasmiylashtirilmoqda.
Joriy yilning yanvar–avgust oylarida Transport nazorati inspeksiyasining Sirdaryo viloyati Avtomobil va suv transportida nazorat hududiy bo‘limi tomonidan 600 ta reyd o‘tkazilib, 3 758 ta ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Yo‘lovchi va yuk tashish xavfsizligini ta’minlash, haydovchilar huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida 98 ta profilaktik tadbir amalga oshirilgan.
Shuningdek, IIB YHXB va Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda og‘ir vaznli va katta hajmli yuk tashish vositalari ustidan reydlar o‘tkazilgan. Tekshiruvlar davomida 909 ta transport vositasi ko‘rikdan o‘tkazilib, 522 ta qonunbuzarlik holati aniqlangan.
Yo‘l qurilishi sifatini nazorat qilish bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning sakkiz oyida 135 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, 163 ta qoidabuzarlik holati qayd etilgan. Natijada 98 ta ko‘rsatma, 35 ta taqdimnoma va 12 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Sifatsiz bajarilgan ishlar uchun buyurtmachi korxonalarga 863,8 million so‘mlik talabnoma kiritilgan.
[gallery-25422]
Matbuot anjumani doirasida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Unda inspeksiya xodimlari transport vositalari va yo‘l qurilishi jarayonlari ustidan amalga oshirilayotgan nazorat ishlarini namoyish etishdi.
Ta’kidlanishicha, raqamli tizimlarni joriy etish sohada shaffoflikni ta’minlash, korrupsiya omillarini cheklash va nazorat samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri