Sirdaryoda "Tadbirkorlik kengashi" ish boshladi
Mamlakatimizda aholini tadbirkorlikka jalb qilishni yanada jadallashtirish, tadbirkorlik tashabbusini amalga oshirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlar yaratish, respublikamiz tadbirkorlik sub’ektlarining xalqaro ishbilarmonlik hamjamiyatiga integratsiyalashuvini kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Savdo-sanoat palatasi faoliyati muhim ahamiyat kasb etayotir.
Prezidentimizning 2023 yil 23 yanvardagi “Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ham mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirish, palata faoliyatini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, mazkur qarorda tadbirkorlar bilan joylarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida Palataning hududiy boshqarmalari huzurida jamoatchilik asosida kamida 20 nafar ilg‘or tadbirkorlardan iborat Tadbirkorlik kengashlarini tashkil etish belgilangan.

Sirdaryo viloyatida ham tadbirkorlar kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur kengash doimiy ravishda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil qiladi. Tadbirkorlar o‘rtasida biznesga oid qonunchilik hujjatlari mohiyati va ahamiyatini tushuntirish, tarmoq korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, joylardagi ishbilarmonlik muhitining holatini tahlil qilish hamda takliflarni Palataga taqdim etib borish uning asosiy vazifalari hisoblanadi.
Savdo-sanoat palatasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i M.Sherbekov raisligida o‘tkazilgan tadbirkorlik kengashining ilk yig‘ilishida 21 nafar ilg‘or tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda kengash tarkibi tasdiqlandi. Jumladan, kengash raisi, o‘rinbosari va kotibi saylandi. Shuningdek kengashning vaqtinchalik Nizomi tasdiqlandi va asosiy vazifalari belgilandi. Kengash raisi viloyat hokimining har seshanba kuni tadbirkorlar bilan o‘tkaziladigan sayyor qabulida ishtirok etadi. Mavjud muammolar yechimi bo‘yicha takliflarni viloyat hokimligiga kiritadi.
Tadbir yakunida tadbirkorlik kengashi yig‘ilishini har oyda bir marta o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Sh. Suyarov,
O‘zA