Sirdaryoda pedagogik innovatsiyalar festivali o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatida maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik yondashuvlarni keng joriy etish hamda tarbiyachi-pedagoglarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish maqsadida ilk bor pedagogik innovatsiyalar festivali tashkil etildi.
Mirzaobod tumani 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘tkazilgan ushbu festival haqiqiy ijod va tajriba maydoniga aylandi. Tadbir doirasida pedagoglar “Ijodiy marafon” shaklida ishtirok etib, atigi 90 daqiqa ichida yangi didaktik o‘yinlarni ishlab chiqdilar va ularni amaliyotda namoyish etdilar. Qisqa vaqt ichida yaratilgan har bir ishlanmada pedagoglarning izlanishi, tajribasi hamda bolalar ta’limiga bo‘lgan mas’uliyatli yondashuvi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Taqdim etilgan ishlanmalar innovatsionlik darajasi, metodik asoslanganligi, bolalar yoshiga mosligi hamda xavfsizlik talablariga javob berishi kabi mezonlar asosida baholandi. Festival davomida pedagoglar nafaqat yangi g‘oyalarini taqdim etdilar, balki o‘zaro tajriba almashish va zamonaviy ta’lim usullarini muhokama qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ldilar.
[gallery-29046]
1-o‘rinni Mirzaobod tumani 14-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti jamoasi, 2-o‘rinni Mirzaobod tumani 20-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti jamoasi, 3-o‘rinni esa Mirzaobod tumani 9-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti jamoasi qo‘lga kiritdi.
G‘olib jamoalar Sirdaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA