Sirdaryoda Kasaba uyushmalari kuni nishonlandi
11 noyabr — O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni. Ushbu sana munosabati bilan Guliston shahridagi “Farovon” tantanalar uyida bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda nuroniylar, tizimda uzoq yillar fidoyilik ko‘rsatgan mehnat faxriylari, ayni paytda ibratli ishlarni amalga oshirayotgan soha xodimlari, jamoat tuzilmasi a’zolari, tarmoq kasaba uyushmalari kengashlari, hamkor tashkilot va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev mehnatkashlarning birdamlik va hamjihatlik bayrami — O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni bilan uyushma xodimlarini, kasaba uyushmasi tizimida uzoq yillar davomida samarali mehnat qilgan soha fidoyilarini, tuzilma a’zolarini samimiy qutladi.

Keyingi yillarda jamiyat hayotida kasaba uyushmalarining o‘rni va roli oshib borayotganini, turli sohalarda faoliyat olib borayotgan har bir xodimni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish, faoliyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Sirdaryoda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari Qobiljon Qirg‘izaliyev ham ishtirok etib, o‘z safida yetti million a’zoni birlashtirgan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, uning Sirdaryo viloyat kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratdi..

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining 130 milliard so‘m mablag‘i hisobiga Sirdaryo viloyati aholisi uchun bunyod etilgan zamonaviy “Zomin” oromgohi, jahon andozalari talablariga javob beradigan “Yangiyer” sanatoriyasida namunali xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu statsionar oromgohlarda joriy yilning o‘tgan davrida 1334 nafar, xalq ta’limi tizimida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish maydonchalarida 2200 nafar bolajon sog‘lomlashtirilgani, Yangiyer va Sirdaryo shaharlaridagi “Muruvvat uyi' da yashayotgan ayollar ahvolidan doimiy xabar olinib, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga kasaba uyushmalari tomonidan muntazam e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib kelinayotgani qayd etildi.
Eng muhimi, hokimliklar, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi va hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 24 ming 455 nafar ishsiz, doimiy daromadga ega bo‘lmagan, ijtimoiy yordamga muhtoj xotin-qizlardan 11 ming 871 nafari ish bilan ta’minlangan, tadbirkorlik istagida bo‘lgan ehtiyojmand ayollarning 1710 nafariga amaliy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, 3249 nafar boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand ayolning 3050 nafariga, nogironligi bo‘lgan, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj 5042 nafariga zaruriy yordam ko‘rsatilib, 58 nafar xotin-qizning uy-joylari ta’mirlab berilgan, uyga muhtoj 10 nafar ayol esa uy-joy bilan ta’minlangan, 584 nafar opa-singilga ijara to‘lovlari to‘lab berilgan. Eng asosiysi, bu kabi xayrli ishlarga hissa qo‘shayotgan tashkilot va muassasalar vakillarining samarali mehnatlari tadbir davomida e’tirof etildi.

Mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilishda alohida o‘rnak ko‘rsatayotgan bir guruh kasaba uyushmasi faollari,shuningdek O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan respublika tanlovlari g‘oliblari munosib taqdirlandi. Tizimda ibratli faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bir guruh ishchi-xodimlarga viloyat hokimligining faxriy yorliqlari hamda sovg‘alari topshirildi.
—Sirdaryoda o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni bayrami chin ma’noda aytganda mehnatkashlarning birdamlik va hamjihatlik bayrami bo‘ldi. Eng asosiysi, ko‘p yillik mehnatlarim e’tirof etilib, menga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tasarrufidagi sihatgohlardan birida salomatligimni mustahkamlash uchun bepul yo‘llanma berildi. Bundan nafaqat men, oila a’zolarim ham birdek xursand bo‘lishdi, —deydi Boyovut tumanidagi 30-maktabgacha ta’lim tashkiloti uslubchisi Shohsanam Akbarova.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri