Sirdaryoda jurnalistlar sumalak pishirdi
Ko‘klam tashrifi, Navro‘z arafasida Xalqaro xotin-qizlar ayyomi nishonlanishi ajoyibdir. Bahoriy bayram bahona ayni damda o‘lkamizda ko‘tarinkilik, shod-u xurramlik, xush kayfiyat avjida.
Davlatimiz rahbari "Biz xalqimiz roziligini avvalo muhtarama onalarimiz, opa-singillarimizning roziligi deb tushunamiz", deya bejiz bot-bot ta’kidlamaydi. Zero, yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila mustahkamligini ta’minlash davlat siyosati darajasida ekanligi bilan har qancha faxrlansak arziydi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali tadbir qo‘shaloq bayramga aylanib ketdi. Hududiy uyushma tomonidan ko‘p yildirki, muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan Sumalak sayli bu gal 8-mart bayrami arafasida tashkil etildi.



Dastlab "Yangi Sirdaryo" gazetasi bosh muharriri xonasida dolzarb mavzularga oid davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Poytaxtimizdan tashrif buyurgan mehmonlar – O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli xalqaro sharhlovchi, Qobilbek Karimbekov va boshqalar so‘zga chiqishib, yutuqlar bilan bir qatorda jurnalistikaga oid muhim masalalar, muayyan muammolar xususidagi o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Hududiy uyushma bo‘limi raisi Boyjigit Abdullayev, "Yangi Sirdaryo" gazetasi bosh muhariri Bahrom Boymurodov, "Xalq so‘zi" gazetasi viloyat muxbiri Ahmadali Shernazarov, "Yangi Sirdaryo" gazetasi bo‘lim mudiri Xolida Pardaboyeva, "Ishonch" gazetasining viloyatdagi muxbiri Bahor Xolbekova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Noriniso Qosimova, "Novaya Sыrdarya" gazetasi mas’ul xodimi To‘lqin Ahmadaliyev va boshqalar muhokamalarda qizg‘in ishtirok etishdi.



Shundan so‘ng jurnalist, yozuvchi va shoir Munavvar Pardayev xonadonida Sumalak sayli davom etdi. Hamkasabalarimiz, xotin-qizlar sha’niga ko‘pdan ko‘p iliq fikrlar, bayram tabriklari yangradi. Xususan, Xolmurod Salimov hududiy uyushma bosh mutaxassisi Dilorom Ismadiyorovaga "Ma’naviyat fidoiysi" ko‘krak nishonini, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Xolida Pardaboyeva va telejurnalist Sohiba O‘rolovalarga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashakkurnomalari va qimmatbaho esdalik sovg‘alarini tantanali ravishda topshirdi. Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek Mahmudovning sumalak ochish mahali aytgan ezgu tilaklari esda qolarli bo‘ldi.

Doshqozondagi dimlab qo‘yilgan bahoriy taom usti ochilganda, odatda, sumalak yuzasi qatlamida turli tasvirlar anglashiladi. Masalan, o‘tgan yili hamkasbimiz Erkin Saidov xonadonida tayyorlangan xuddi shunday sumalakda Osiyo xaritasi gavdalangandi. Bu gal patlarini baralla yoyib turgan tovus tasviri jilvalandi.
Katta xursandchilik ila kechgan qo‘shaloq tadbir "Sarvi" kafesida hamkasabalarimiz uchun yozilgan bayram dasturxoni ustida qizg‘in davom etdi. Tantanada ishtirok etgan erkak jurnalistlarning har biri o‘z tabriklarini dil so‘zlari, she’rlari bilan izhor etishdi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri