Sirdaryoda 44 ta yo‘lbo‘yi ob’ekti ishga tushiriladi
Sirdaryoda yil yakuniga qadar qurilishi cho‘zilgan va yangidan boshlanayotgan 44 ta yo‘lbo‘yi xizmat ko‘rsatish ob’ektini ishga tushirish rejalashtirildi. Buning natijasida qariyb 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Avtomobil yo‘llari bo‘yida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish maqsadida ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish masalasi Sirdaryo viloyati hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, auksion orqali tadbirkorlarga berilgan yer maydonlarining bir qismida loyihalar amalga oshirilgan. Ayrim ob’ektlarda esa qurilish ishlari belgilangan muddatlarda yakunlanmagan.

Viloyat hokimi tadbirkorlarga loyihalarni amalga oshirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish, shu bilan birga, ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanishni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
— Yer olgan tadbirkor o‘z ishini boshlashi, agar qiyinchiliklar bo‘lsa, unga ko‘maklashishimiz kerak. Lekin yerni olib qo‘yib, hech qanday ish qilmasdan o‘tirish ham to‘g‘ri emas. Agar yer uzoq vaqt foydalanilmasa, qonunga ko‘ra, boshqa ishbilarmonga berilishi, aylanmaga kiritilishi lozim. Har bir qarich yerdan xalqimiz rizq topishi, byudjetga foyda kelishi shart, — dedi Erkinjon Turdimov.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri