Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasining Shirin shahar jamiyati tomonidan shahar maktablari qoshida faoliyat yuritayotgan yozgi oromgohlarda monitoring o‘tkazildi. Tekshiruvda bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, ovqatlanish, gigiyena va tibbiy xizmat holatlari ko‘rib chiqildi.
Hozirda 1- va 3-son maktablar qoshidagi oromgohlarda 200 nafarga yaqin 1–6-sinf o‘quvchilari, jumladan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari dam olmoqda. Ular uchun ikki mahal issiq ovqat, turli to‘garaklar, sport va madaniy tadbirlar tashkil etilgan.


O‘rganish davomida oromgohlar faoliyati belgilangan me’yorlarga mos ekani, sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilingani qayd etildi. Aniqlangan ayrim kamchiliklar yuzasidan esa tegishli tavsiya va ogohlantirishlar berildi.
****
Sirdaryo tumanidagi Majburiy ijro byurosi tomonidan tadbirkor foydasiga 324 million so‘mdan ziyod qarz mablag‘i majburiy ijro tartibida undirib berildi.

Ijro harakatlari Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudining 2024 yilning 6 sentyabridagi qarori asosida amalga oshirildi. Sud qaroriga ko‘ra, qarzdor maishiy texnika puli sifatida tadbirkorga to‘lov qilish majburiyatini olgan.
Ixtiyoriy muddatda qarz to‘lanmagani bois, qarzdorning bank hisob raqamlariga band solinib, mol-mulki xatlov qilindi. Ko‘rilgan choralar natijasida qarz to‘liq undirilib, tadbirkorning hisob raqamiga o‘tkazildi. Shuningdek, 16,2 million so‘mlik ijro yig‘imi ham qarzdor tomonidan qoplandi.
****
Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida ijtimoiy himoya sohasida insonparvar yondashuv asosida yangi – kunduzgi qatnov asosidagi parvarish xizmati tashkil etildi. Ushbu xizmat “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” yoki “Kambag‘al oilalar reyestri”da qayd etilgan muhtoj fuqarolar uchun davlat hisobidan bepul ko‘rsatiladi.
– Asosiy maqsad – insonning jamiyatda faol va qadrli shaxs sifatida yashashiga ko‘mak berish, – deydi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassisi Sanjar Yoqubov.
“Faol hayot” markazi xodimi Noila Hotamqulovaning ta’kidlashicha, xizmat doirasida ovqatlantirish, muloqot, ruhiy qo‘llab-quvvatlash, elektron xizmatlardan foydalanishga o‘rgatish kabi xizmatlar taqdim etiladi.
Fuqarolar maxsus baholash (Bartel va Lauton shkalalari) orqali parvarishga muhtoj deb topilganidan so‘ng, “vaucher” asosida ushbu xizmatdan bepul foydalanishi mumkin.
Mazkur xizmat inson qadrini ulug‘lash va muhtojlar hayotini yaxshilashga qaratilgan innovatsion yondashuv sifatida e’tirof etilmoqda.****
Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Yangiyer shahrida xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish va iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu doirada Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi xodimi Sohiba Xudoyorova rahbarligida Yangiobod mahallasida ishsiz va mehnat bozorida faol bo‘lmagan xotin-qizlar uchun amaliy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar issiqxona xo‘jaligi, biogumus ishlab chiqarish, chorvachilik, sut mahsulotlarini qayta ishlash va tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.
Bundan tashqari, biznes-reja tuzish, moliyalashtirish, subsidiya va imtiyozli kreditlar haqida aniq ma’lumotlar berildi.
– Mashg‘ulotlar orqali xotin-qizlarga amaliy g‘oyalar berish, ularni tadbirkorlikka ruhlantirish maqsad qilindi. Issiqxona va biogumus ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlar qishloqda barqaror daromad manbai bo‘lishi mumkin, – deydi Sohiba Xudoyorova.
O‘quv mashg‘ulotlari ishtirokchisi Fotima Amanova mashg‘ulotlardan so‘ng issiqxona tashkil etish va boshqa xotin-qizlar uchun ish o‘rni yaratish niyatida ekanini bildirdi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashish va jamoaviy faoliyatni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ham tavsiyalar olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri