Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sirdaryo viloyatidagi g‘alla yetishtirishda yuqori ko‘rsatkichlarga erishib kelayotgan Boyovut tumanida 2025 yilgi o‘rim-yig‘im mavsumiga bag‘ishlangan “G‘alla–2025” ko‘rgazmali va amaliy seminari tashkil etildi.
Seminarda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, tumanlar hokimlari, viloyat va tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmalari, favqulodda vaziyatlar va yong‘in xavfsizligi xizmati, fermer xo‘jaliklari, agroklasterlar, texnik xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar, o‘rim otryadlari rahbarlari hamda kombayn operatorlari ishtirok etdilar.
Tadbirda ishtirokchilarga g‘alla o‘rish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik, tashkiliy va logistik masalalarni oldindan ko‘rib chiqish, ularni hal qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Bu yilgi mavsumda foydalaniladigan zamonaviy kombayn va agrotexnika vositalari namoyish etildi. Mutasaddilar texnikalarning tayyorgarlik darajasini ko‘zdan kechirib, ularning ekspluatatsion holatini baholashdi.
Seminar davomida, shuningdek, o‘rim mavsumida ishlovchilarning moddiy rag‘batlantirilishi, ularni oziq-ovqat mahsulotlari va zarur vositalar bilan ta’minlash kabi ijtimoiy masalalar ham muhokama qilindi. Bu ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bilan birga, xodimlarning mehnatga bo‘lgan munosabatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashishdi, mavsumning muvaffaqiyatli o‘tishi uchun har bir bo‘g‘indagi aniq vazifalar belgilab olindi.
Bunday seminarlar viloyatning boshqa tumanlarida ham bo‘lib o‘tmoqda.
***
Sirdaryo viloyat musiqali drama teatrida “Quvnoqlar va zukkolar–2025” ko‘rik-tanlovining navbatdagi hududiy bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Tanlovda Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlari hamda maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasida xizmat qilayotgan yoshlar ishtirok etdi. Ularning chiqishlari tomoshabinlar va hakamlar hay’ati tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Jamoalar mavzuli sahna chiqishlari, yumoristik ko‘rinishlar va hayotiy mavzulardagi ijodiy improvizatsiya shartlari asosida o‘z iqtidor va mahoratlarini namoyon etdilar.
Har bir jamoa sahnada nafaqat hazil, balki muhim hayotiy va ijtimoiy masalalarga yumor orqali yechim topishga urinib, o‘z chiqishlarida ma’naviy tarbiya va vatanparvarlik g‘oyalarini ham ilgari surishdi.
Qizg‘in va hazil-mutoyiba asosida o‘tgan tanlov yakunida hakamlar tomonidan eng yaxshi deb topilgan jamoalar aniqlandi.
Hazil va zehn uyg‘unligida namunali chiqishlari bilan hammani hayratda qoldirgan Samarqand viloyatining “Afrosiyob” jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘z zukkoligi va hozirjavobliklari tufayli Andijon viloyatining “Andijon qutqaruvchilari” jamoasi 2-o‘ringa, Toshkent viloyatining “Toshkent piyolasi” jamoasi esa 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
***
Guliston shahridagi “Tadbirkorlar va hunarmandlar markazi” da “Sirdaryoda biznes qiling” shiori ostida yirik hududlararo sanoat yarmarkasi o‘z ishini boshladi. Ko‘rgazmada Sirdaryo viloyati va qo‘shni hududlardan jami 160 ga yaqin mahalliy ishlab chiqaruvchi va tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.
Yirik tadbirning ochilish marosimida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.
[gallery-23534]
Ko‘rgazmada kimyo sanoati, charm-poyabzal, to‘qimachilik va ipakni qayta ishlash, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, mebelsozlik va farmatsevtika kabi turli sohalarda faoliyat yurituvchi korxonalar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Ayniqsa, bu safar yirik va yangi tashkil etilgan, import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning faoliyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yarmarkada mahalliy hokimliklar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’ul rahbar va mutaxassislar, shuningdek, viloyat va qo‘shni hududlardan ko‘plab mehmonlar qatnashmoqda. Shuningdek, viloyatimizda faoliyat ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar vakillari ham mazkur ko‘rgazmada faol ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma doirasida xorijiy va mahalliy hamkorlar o‘rtasida shartnomalar imzolash tadbirlari hamda turli formatlarda uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari