Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushidagi buyuk G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan Guliston tumanida bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda harbiy xizmatchilar, mehnat faxriylari, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev Ikkinchi jahon urushida jasorat bilan kurashgan va mehnat frontida fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizga minnatdorlik bildirdi. Ular tomonidan amalga oshirilgan jasorat va matonat bugungi tinchlik va farovonlikning mustahkam asosi ekanini ta’kidladi.
Tadbir davomida tuman madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.

***
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Sirdaryo viloyati Kengashi tashabbusi bilan Guliston shahridagi “Registon” tantanalar uyida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda aholi salomatligini muhofaza qilishga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan, el-yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan marhum tibbiyot xodimlari xotirlandi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Akbarxon Mirzaxonov marhumlarning yaqinlariga va hozirda keksalik gashtini so‘rayotgan faxriy tibbiyot xodimlariga samimiy minnatdorlik izhor etdi hamda ularga esdalik sovg‘alarini topshirdi.

***
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda Sirdaryo viloyati Sport boshqarmasi tashabbusi bilan Guliston shahridagi “Ulug‘obod” sport majmuasida jurnalistlar xotirasiga bag‘ishlangan mini-futbol bo‘yicha “Xotira turniri” o‘tkazildi.
Turnir Sirdaryo viloyatida yashagan matbuot hamda ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritgan marhum jurnalistlar xotirasiga bag‘ishlandi.

Turnirda “Rakurs” ( viloyat boshqarmalari), "Sirdaryo TV" (Sirdaryo viloyat teleradiokompaniyasi), “Yangi Sirdaryo” (“Yangi Sirdaryo” gazeta jamoasi), “Bir jamoa” (tuman va shahar hokimliklarining axborot xizmati rahbarlari), “Milliy kontent” (viloyat Axborot va OAV boshqarmasi) hamda “Blogerlar ittifoqi” jamoalari o‘zaro bahslashdi.
Qizg‘in va murosasiz o‘tgan musobaqa shiddatli o‘yinlarga boy bo‘ldi. G‘olib va sovrindor jamoalarga viloyat Sport boshqarmasi tomonidan diplom, kubok va esdalik sovg‘alari topshirildi.

G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA