Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
MIBning Sirdaryo tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan kommunal tashkilotlardan qarzdorligi mavjud ammo, to‘lov qobiliyatiga ega emasligi haqidagi murojaatlar tahlil qilindi. Tuman hokimligi, tuman prokuraturasi, Byuroning Sirdaryo tumani bo‘limi hamkorlikda amalga oshirilgan tadbirlar natijasida ushbu yo‘nalishda bir qator ijobiy natijalarga erishildi.
Ro‘yxatda keltirilgan 61 nafar qarzdorlarga byuroning tuman bo‘limi tomonidan yuritilib kelinayotganligi shulardan 7 nafar qarzdorlarni to‘lov qobiliyatiga ega ekanligi aniqlanib, ulardan jami 17 714 704 so‘m undirilishi ta’minlandi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj, to‘lov qobiliyatiga ega bo‘lmagan oilalarning qarzdorligi tuman hokimligi tomonidan homiylar mablag‘lari hisobidan undirilishi ta’minlandi.


Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan qarzdor fuqarolardan B.K.ni 645 396 so‘m, R.A.ni 999 437 so‘m, T.M.ni 1 188 664 so‘m va N.S.ni 428 730 so‘m tabiiy gazdan, Z.M.ni 301 608 so‘m, B.K.ning 703 280 so‘m, Sh.M.ning 735 446 so‘m elektr ta’minotidan bo‘lgan qarzdorligini to‘lab berish borasida hujjatlar rasmiylashtirilib, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga taqdim etilgan va jami 5 002 561 so‘m to‘lovlari to‘lab berilishi ta’minlandi. Ushbu yo‘nalishda nazorat tadbirlari davom etmoqda.

***
Qishloq xo‘jaligi sohasiga ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy qilish bilan yer va suv resurslaridan foydalanishda yangi tizim joriy qilinmoqda. Aytish kerakki, rivojlangan mamlakatlarda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish sohani tez taraqqiy topishida katta hissa qo‘shganligini mutaxassislar, olimlar ko‘p bora e’tirof etishgan.
Qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari endilikda onlayn tizim orqali ishlaydi. Ya’ni, joriy yilning 1 sentyabridan boshlab Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi tarkibida paxta, boshoqli don, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish raqamlashtiriladi.

Soha xodimlariga shaffoflik tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish uchun “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etiladi. Qishloq xo‘jaligi sohasi olimlari va mutaxassislari tomonidan yangi tarmoqning ishlash prinsiplarini soha xodimlariga, qishloq va suv xo‘jaligi mutaxassislariga yaqindan tushuntirish maqsadida joylarda seminarlar tashkil etilmoqda.
Guliston shahrida o‘tkazilgan tadbirda ta’kidlanganidek, mahsulot yetishtiruvchilarning yagona reyestri joriy etiladi, har bir yerdan foydalanuvchining elektron pasporti shakllantirilib, ularga identifikatsion raqam beriladi. To‘rt million gektar ekin yer maydonlari raqamlashtiriladi, 36 mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilarining “Agroplatforma” axborot tizimida ro‘yxatga olinib, reyestri shakllantiriladi.

Mahsulot yetishtiruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar o‘rtasidagi fyuchers, kredit, sug‘urta, ta’minot va xizmat shartnomalari elektron shaklga o‘tkaziladi. Ushbu shartnomalarni imzolash 2 kundan – 20 daqiqaga, bank tomonidan kredit ajratish 15 kundan – 3 kunga qisqaradi. 2024 yil hosilidan boshlab Qishloq xo‘jaligini Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish elektron tarzda yuritilib, mahsulot yetishtiruvchilarga o‘z shaxsiy kabineti orqali xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri