Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sirdaryo tumani hokimi B.Mirzaqulov boshchiligida aholi bandligini ta’minlash va takroriy ekin ekishga bag‘ishlangan seminar bo‘ldi. Unda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin sifatida mosh, sholi, poliz va sabzavot ekinlarini ekish maqsad qilingan.
Fermerlar, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari ishtirokida aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish maqsadida tumandagi 797 gektar g‘alladan bo‘shagan ekin yer maydonlari 664 nafar ijtimoiy daftarlar ro‘yxatidagi oilalarga 50 sotixdan 1 gektargacha ajratib berildi.
Qayd etilishicha, yer maydonlarini ekinga tayyorlash bilan bog‘liq ishlar fermerlar tomonidan amalga oshirilib, ko‘maklashiladi. Tuman hokimi bu boradagi ishlarni sifatli tashkil etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.




* * *
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish tezkor xodimlari viloyat DXX boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorlikda Sayxunobod tumanida giyohvand moddalarni noqonuniy muomalasining oldini olish bo‘yicha tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tadbir davomida Sayxunobod tumanida fuqarolar B. va A. marixuana giyohvandlik vositasini muomalaga kiritish maqsadida uchrashgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan to‘xtatilib, o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirilganda fuqaro A.dan yashil rangli, o‘zidan o‘tkir hid tarqatuvchi 35 gr. marixuana giyohvandlik vositasiga o‘xshash modda hamda fuqaro B.ning yonidan 1 million so‘m pul borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.


Ekspertiza xulosasiga asosan, ushbu modda 6,2 gr. quritilgan holda va 23 gr. ho‘l holdagi marixuana giyohvandlik moddalari ekanligi ma’lum bo‘ldi. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Sh.Suyarov, O‘zA