Sirdaryo viloyati xabarlari –qisqa satrlarda
Qurbon hayiti bayrami arafasida Sirdaryo viloyatida masjidlar soni yana bittaga ko‘paydi. Sayxunobod tumani “Baxmalsoy” mahallasida saxovatpesha insonlar ko‘magida yangidan bunyod etilgan 400 o‘rinli “Paxtakor” jome masjidi ish boshladi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan bayram marosimida viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, Toshkent shahri “Xo‘ja Allambardor” jome masjidi imom xatibi Rahimberdi domla Rahmonov, mahalla nuroniylari va faollari, imom-xatiblar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Qayd etilishicha, masjid binosining umumiy maydoni 468 M²ni tashkil etadi. Bitta minora bo‘lib, uning balandligi 50 metrga yetadi. Xonaqoh balandligi 20 metr. Shuningdek, bu yerda ayollar uchun alohida namozxona va tahoratxona mavjud. Masjidda 400 kishi bemalol ibodat qilishi mumkin.

Qurbon hayiti munosabati bilan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olindi. Bu xayrli ishlar, ayniqsa, shu kunlarda yana avj oldi. Xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelayotgan bayram arafasida barcha hududlarda ehtiyojmandlar yo‘qlanib, ularga moddiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Xususan, Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev Guliston shahri, Sirdaryo, Sayxunobod va Mirzaobod tumanlarida yashayotgan Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari, ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir oilalar xonadonida bo‘lib, ularga homiylar tomonidan ajratilgan bayram sovg‘alarini topshirdi.

Xovos tumani "Tinchlik" mahallasida tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan "Ayol mehr, sadoqat, taraqqiyot timsoli!" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Mahalla xotin-qizlar faollari, "Oqila ayollar" harakati a’zolari tomonidan "Oila – muqaddas dargoh" mavzularida ko‘rgazmalar hamda mahallada istiqomat qilayotgan ibratli xonadonlarda milliy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi yor-yor, alla va milliy hunarmandchilik namunalari namoyish etildi.

Shuningdek, 40 yildan ziyod ahil va inoqlikda yashagan ibratli oila a’zolari, “Oqila ayollar” harakati a’zolari, ko‘chaboshilarga tuman hokimligining sovg‘a va tashakkurnomalari topshirildi.
Ulug‘ ayyom kunlari Jahon banki mablag‘lari evaziga Sirdaryo viloyatidagi Boyovut tumanidagi “Paxtakor” va “Ozodlik” mahallalaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.

MTTlarning ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbirlarda viloyat hokimi o‘rinbosari Shavkat Zayniddinov, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Xudaykulov, Boyovut tumani hokimi, senator Dilfuza O‘ralova, muassasalar xodimlari, faollar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ayni vaqtda tumanda 35 davlat, 3 davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 105 oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Unda maktabgacha yoshdagi bolalarning 75 foizi, ya’ni 8 405 nafari qamrab olingan.
Sh.Suyarov, O‘zA