Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sirdaryo hokimi G‘ofurjon Mirzayevning qaroriga muvofiq – joriy yilning 15 martidan 15 apreliga qadar viloyatda “Oila ma’naviyati” oyligi o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Ushbu oylik davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra, oylik davomida amalga oshiriladigan tadbirlar yoshlar tarbiyasi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan barcha ta’lim-tarbiya muassasalarida tashkil etiladi.
Mazkur qarorga asosan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Mening kichik Vatanim” tanlovi, “Otam, onam va men – biz sportchi oilamiz!” sport musobaqalari, “Baxtli oila” mavzusida ota-onalar ishtirokida muloqot kechalari bo‘lib o‘tadi.
Mahallalar o‘rtasida esa “Mening qishlog‘im tarixi”, “Eng namunali xonadon” tanlovlari tashkil etilishi va joriy yilning 1-10 aprel kunlari mobaynida “Eng yaxshi kitobxon oila” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilishi, shuningdek, har shanba kuni muzey, teatr va kinoteatrlarga oilaviy tashriflar kuni sifatida belgilandi.
***
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusning to‘rtinchisi, ya’ni yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish yo‘nalishi bo‘yicha respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Oqoltin tuman bo‘linmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman kengashi va tuman axborot resurs markazi hamkorligida hududdagi yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan uyushtirilgan tadbirda yoshlarni turli zararli oqimlar ta’siridan himoya qilish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini ta’minlash, 2021 yilda Oqoltin tumanida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish chora-tadbirlar dasturining ijrosi doirasida “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Diniy mutaassiblik”, “Islom ma’rifati va hozirgi zamon”, “Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning ma’naviy-ma’rifiy asoslari”, “Diniy bag‘rikenglik va mutaassiblik”, “Ilmdan boshqa najot yo‘q”, “Islom niqobi ostidagi ekstremistik va terrorchi uyushmalar” hamda “Missionerlik: mohiyat, maqsadlar, oqibatlar va oldini olish yo‘llari” kabi 8 nomdagi kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.
E’tiborli jihati, tumandagi maktab kutubxonalari va mahalla fuqarolar yig‘inlariga 8 nomdagi ushbu kitoblarning 320 donasi tarqatildi.
***
Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Guliston tumani hokimligi tomonidan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida yuz nafar “Temir daftar”ga kiritilgan oilaga ming dona tovuq berildi.
Bepul tarqatilgan bu tovuqlar uchun 2 oyga yetadigan don-dun mahsulotlari ham qo‘shib berildi.
– Tovuq - 7 xazinaning biri, deb xalqimiz bejizga aytmagan ekan, – deydi gulistonlik Mastura Abduraxmanova. – Vaqtida don-suvini berib tursangiz bas, har kuni tuxum berib turadi. Uyda o‘tirib ham daromad qilish imkoniyati berilganidan xursandmiz.
***
Sardoba tumani hokimi, 1-sektor rahbari Abduazim Xidirov rahbarligidagi ishchi guruhi tomonidan Birlik mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarning 40 nafariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishi uchun 0,5 gektardan, jami 20 gektar ekin maydoni ajratilib, shu yerga egalik to‘g‘risidagi sertifikatlar ham topshirildi.
– Tumanimizdagi Sharof Rashidov nomli suv iste’molchilari uyushmasi hududidan menga ajratib berilgan 0,5 gektar yerga: oshqovoq, kartoshka, sabzi va mosh ekmoqchiman, – deydi Birlik MFYda istiqomat qiluvchi G‘ulomjon Saidboyev. – Ham yerli bo‘ldik, ham oila a’zolarimiz bilan birgalikda bandligimiz ta’minlandi. Oilaviy byudjetimizni mustahkamlash, oilamizni ta’minlashimiz uchun biz, yoshlarga imkoniyat yaratib berildi.
***
Guliston shahrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat Aktivlarini boshqarish agentligi va “Bo‘sh turgan ob’ektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi” Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmalari hamkorligida “Tadbirkor – bosh islohotchi” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.
Unda, ishtirokchilarga “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasining “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali, bo‘sh turgan bino inshootlar va yer maydonlarini ijaraga berish, savdoga chiqarish, yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqini qo‘lga kiritish borasidagi huquqiy bilimlar berildi.
Tadbirda seminar ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.
***
Markaziy bank Sirdaryo viloyati bosh boshqarmasi xodimlari uchun kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida o‘quv kurslari tashkil etildi.
Bu haqda Sirdaryo viloyati axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari hududiy boshqarmasi xabar berdi.
“IT center” raqamli texnologiyalar o‘quv markazi Guliston shahar filialida kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida tashkil etilgan ushbu o‘quv kurslari davomida, “Markaziy bank” xodimlariga elektron usulda amalga oshiriladigan bank operatsiyalari, operatsiya jarayonlarini markazlashgan tizim va internet tarmog‘i orqali amalga oshirish va boshqa kompyuter savodxonligi bilan bog‘liq bilimlarini oshirish nazarda tutilgan.
***
Sirdaryo viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tashabbusi bilan Yangiyer shahar bolalar-o‘smirlar sport maktabida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish maqsadida Navro‘z umumxalq bayrami sharafiga maktab o‘quvchilari o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha viloyat birinchiligi bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Murosasiz va keskin kurashlar ostida o‘tgan musobaqada Guliston shahridagi viloyat olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchilari jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Guliston tumani va Yangiyer shahar BO‘SMlari jamoalariga mos ravishda 2- va 3-o‘rinlar nasib etdi.
Bayram oldi o‘tkazilgan musobaqa g‘olib va sovrindorlariga diplom, medallar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Qayumov, F.Toshmatov(surat), O‘zA