Sirdaryo dalalarida paxta yig‘im-terimi qizg‘in
Boyovutdagi "Xo‘ja muborak" fermer xo‘jaligi rahbari Ortiq Sharifov bu yil fermer xo‘jaligiga qarashli 80 gektar yerning 50 gektariga bug‘doy, 30 gektariga esa chigit qadadi. Xo‘jaligidagi 6 nafar doimiy, 20 nafar mavsumiy ishchi, mavjud texnika vositalari yordami bilan barcha agrotexnik tadbirlarni bajarib, ekilgan ekiniga o‘z vaqtida suv va o‘g‘it berdi. Shunga yarasha bug‘doy ekilgan yer maydonining har bir gektaridan 50 sentnerdan hosil olgan bo‘lsa, yerga qadalgan chigit, undan unib chiqqan g‘o‘zadan 25 sentnerdan hosil olishni reja qilib turibdi.
Bugun fermer xo‘jaligi dala maydoniga ekilgan chigit niholga, nihol esa g‘o‘zaga aylanib, undagi ko‘saklar to‘liq ochilgan. Shu boisdan ham, u Boyovut tumanida birinchilardan bo‘lib, paxta yig‘im-terimi ishlarini boshlab yubordi.
–Terimchilar begona emas, – deydi Ortiq Sharifov. — Shu mahallada yashovchi kishilar. Bir terimchi bir kunda o‘rta hisobda aytganda 100- 120 kilogramm paxta terayotgan bo‘lsa, ilg‘or terimchi 200- 250 kilogrammgacha paxta teryapti. Shunga yarasha daromad qilyapti.

Fermer bu yil o‘tgan yilga qaraganda marrani balandroq olgan. Gektaridan 25 sentnerdan, jami 75 tonna paxta xomashyosini birja orqali tumandagi “Boyovut texno klaster” MCHJga yetkazib bermoqchi. Shu bugungi kungacha fermer xo‘jaligi dala maydonidan yig‘ib-terib olingan va “Boyovut texno klaster” MCHJga yetkazib berilgan paxta xomashyosining umumiy miqdori 30 tonnadan oshgan, fermer kelayotgan haftaning payshanba kuniga qadar shartnomaviy rejani 120 foiz bajarish niyatida. Chunki, chigit qadalgan maydonning endigina 7 gektaridan paxta terib olindi. Uning ixtiyorida paxtasi terilmagan, oppoq va bo‘liq bo‘lib ochilgan yana 23 gektar yer turibdi.

– Bilasizmi, dehqonchilikda tajriba muhim rol o‘ynaydi. Ota-bobom asli Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidan. Boyovutga cho‘lni o‘zlashtirish, ekin ekib, yurt rivojiga hissa qo‘shish maqsadida Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, 1948 yillarda ko‘chib kelishgan. Usta, mirishkor dehqon bo‘lishgan. Men ulardan dehqonchilik ilmini, paxta, g‘alla ekish, undan yuqori hosil olish sirlarini o‘rgandim. Shu boisdanmi, qanday ob-havo bo‘lmasin, yerga bor mehrimni beraman. O‘z ishimdan zavq olaman. Bu esa yutuqlarimning bosh omili bo‘lyapti,–deydi fermer.

To‘g‘risi ham shunday. Dehqonchilikda tajriba muhim rol o‘ynaydi. Buni u yaxshi biladi. Har bir narsadan unumli foydalanadi. O‘tgan yilgi olgan daromadidan fermer xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnikalarini sotib olib, fermer xo‘jaligi hududidan o‘tuvchi 2 kilometrdan oshiq ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirib, uy qurib, to‘y qilgan bo‘lsa, bu yilgi daromadidan qo‘shimcha qishloq xo‘jaligi transport vositalarini sotib olishni, qolgan 1.5 kilometrlik ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirishni, yordamtalab insonlarga yordam berishni reja qilib turibdi.

Muhimi, u yerning har bir qarichidan unumli foydalangan . Chigit qadalgan maydonning chetiga ishchi xizmatchilar va o‘z oilasi uchun qovun-tarvuz, oshqovoq, pomidor, bulg‘or qalampiri, baqlajon ekkan bo‘lsa, g‘alladan bo‘shagan 50 gektar yer maydoniga moshning "Durdona" navini qadagan. O‘tgan yili u 30 gektar yerga ekilgan moshdan gektariga 1 tonna 200- 1 tonna 300 kilogrammdan mosh yig‘ib-terib olgan bo‘lsa, bu yil 50 gektar maydonga ekilgan moshdan 65 tonna moshni yig‘ib-terib olib, uni eksportyor korxonalarga yetkazib berishni reja qilib turibdi.

–Fermer xo‘jaligimizda hali qilinadigan yumushlar ko‘p. Paxtadan bo‘shagan maydonga bug‘doy qadashimiz, moshdan bo‘shagan yerga yaxob suvi berib, zarur agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishimiz kerak. Bu yumushlarni o‘z vaqtida bajarsakkina, dehqonchilikda omad kulib boqadi,–deydi u.
Xullas, Boyovutda "Xo‘ja muborak" fermer xo‘jaligi rahbari Ortiq Sharifovga o‘xshash tajribali, usta mirishkor dehqonlar ko‘p. Shu kunlarda ularning dalalarida ham paxta yig‘im –terimi qizg‘in bormoqda.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri