"Sinquefield Cup 2026": kechagi muvaffaqiyat Sindorovning sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik imkoniyatini kengaytirdi
AQSHning Sent-Luis shahrida o‘tayotgan “Sinquefield Cup 2026” turnirining ortda qolgan 7-turida hamyurtimiz Javohir Sindorov germaniyalik Vinsent Keymerni mag‘lub etdi.
Mazkur turda qora donalarda harakatlangan Sindorov hujumkor pozitsiyada bo‘lgan holda har bir yurish ortidan g‘alaba sari tobora yaqinlashib bordi. O‘yinning 59-yurish vaziyatida germaniyalik shaxmatchi imkoniyatni boy berganini tan oldi.
“Grand Chess Tour” seriyasining hal qiluvchi bosqichi sanalgan mazkur turnirning 7-turidagi 5 ta qarama-qarshilikdan faqat Javohir raqibini taslim etish uddasidan chiqqan bo‘lsa, qolgan uchrashuvlarda tomonlar murosa yo‘lini tanladi.

Bugun, 18-avgust kuni umumiy mukofot jamg‘armasi 475 ming AQSH dollaridan iborat turnirning 8-turida Javohir Sindorov oq donalarda so‘nggi pog‘onani band etib turgan niderlandiyalik Jorden van Forest bilan ro‘baro‘ keladi.
Shuningdek, bugungi turda Sem Sevyan (AQSH) – Uesli So (AQSH), Anish Giri (Niderlandiya) – Levon Aronyan (AQSH), Vinsent Keymer (Germaniya) – Fabiano Karuana (AQSH), Maksim Vashe-Lagrav (Fransiya) – Pragnanandhaa Rameshbabu (Hindiston) kuch sinashadi.
Sakkizinchi tur o‘yinlari ostonasida amerikalik Uesli So 4,5 ochko bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, Fabiano Karuana, Rameshbabu Praggnanandha va Maksim Vashe-Lagrav 4 ochko bilan keyingi pog‘onalarda harakatlanmoqda. Mahoratli shaxmatchimiz J.Sindorov 5 ta durang, 1 ta mag‘lubiyat va 1 ta g‘alaba evaziga 3,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 5-o‘rinni band etgan. Vinsent Keymer, Levon Aronyan va Sem Sevyan hisobida ham 3,5 ochko mavjud. Anish Giri 3 ochko bilan 9-o‘rinda, 1,5 ochkoga ega Jorden van Forest 10-o‘rinda bormoqda.

Aytish lozimki, kechagi muvaffaqiyat Sindorovning sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik imkoniyatlarini kengaytirdi. Nima bo‘lganda ham 7-turdagi yutuq kayfiyatni ko‘tarish asnosida keyingi o‘yinlarda Sindorovga ruhiy quvvat bag‘ishlashi bilan ahamiyatli sanaladi.
O‘ylaymizki, ertaga, 19-avgust kuni turnirning so‘nggi 9-turida Javohir Sindorov qora donalarda Uesli So bilan o‘tkazadigan bahsda shu jihatlar unga yordamchi kuch bag‘ishlasa bo‘lgani.
Eslatib o‘tamiz, musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 100 ming AQSH dollari bilan, 2-o‘rin sohibi 65 ming, 3-o‘rin 50 ming, 4-o‘rin 35 ming, 5-o‘rin 25 ming, 6-o‘rin 20 ming, 7-o‘rin 18 ming, 8-o‘rin 15 ming, 9-o‘rin 12 ming hamda 10-o‘rin 10 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA