Sinovlardan eson-omon oʻtamiz
Baʼzan oʻylab qolaman: gʻalati odatlarimiz bor-da. Koʻpchiligimiz boylarni yoqtirmaymiz, ammo oʻzimiz boy boʻlishni istaymiz. Mansabdorlarga, yumshoq qilib aytganda, oʻgay koʻz bilan qaraymiz.
Munosabat
Baʼzan oʻylab qolaman: gʻalati odatlarimiz bor-da. Koʻpchiligimiz boylarni yoqtirmaymiz, ammo oʻzimiz boy boʻlishni istaymiz. Mansabdorlarga, yumshoq qilib aytganda, oʻgay koʻz bilan qaraymiz. Lekin aksariyatimiz mansabga intilamiz. Biz falon-falon buyuklarning avlodimiz, deb maqtanamiz, biroq ularning ijodini oʻrganishga goʻyo “erinamiz”, vaqtimiz yetmaydi. Oʻsha ulugʻ ajdodlarimiz tutimiga, turmush tarziga amal qilishniku xayolga ham keltirmaymiz. Bunga oʻzimizcha asos ham topamiz: bugun zamon boshqacha... Biron joyimiz sal ogʻrisa? Doʻxtirga chopamiz, amvo koʻp hollarda vrachlardan noliymiz.
Bunday qarama-qarshi holatlarni yana koʻp davom ettirish mumkin.
Butun dunyoga, jumladan, bizning yurtimizga ham koronavirus degan balo keldi. Buning uchun biron-bir insonni, tuzumni ayblash nooʻrin. Koʻrib turibmizki, bu ofat na millat, na din, na jamiyat, na iqlim tanlayotir – uning oldida rivojlangan davlatlar ham, rivojlanayotgan davlatlar ham, boyu kambagʻal ham, mashhur va oddiy insonlar ham, mansabdoru oddiy fuqaro ham bir xil.
Bunaqa voqealar davlatlarni, xalqlarni, millatlarni, har bir insonni sinovdan oʻtkazadi. Soddaroq qilib aytganda, kimning kimligi, yaʼni har kimning asl qiyofasi namoyon boʻladi. Kim oʻz yurtini, ona Vatanini, xalqini, millatini tom maʼnoda sevadi, unga yuragi achiydi, uning dardini oʻzining dardi sifatida qabul qiladi va uni yengillashtirish uchun imkoni boricha harakat qiladi, kurashadi, kim tomoshabin kabi irshayib chetdan qarab turadi – hammasi ayon boʻladi-qoladi.
Bunga tarixdan koʻplab misollar keltirish mumkin.
Koronavirus ham Ollohning bandalariga bir sinovidir balki. Harom-harishdan, turli gunoh ishlar bilan shugʻullanishdan, birovning haqiga xiyonat qilishdan qoʻrqmaydiganlar, manmanlik va kibrga berilganlar, oddiy va sodda, koʻngli begʻubor va hokisor insonlarni mensimaydiganlar koʻzini ochar ehtimol. Birniki mingga, mingniki tumanga uradi, degan naql bor xalqimizda. Shu sinovli va ogʻir kunlarda el dardiga darmon boʻlish oʻrniga musibatdan oʻz manfaati yoʻlida foydalanib qolishga harakat qilganlarni inson deb, musulmon deb, alaloqibat vatandoshimiz, millatdoshimiz deyish mumkinmi?! “Birovning tashvishi evaziga topilgan pul hech kimga buyurmaydi”, dedi Prezidentimiz. Haq gap!
Endi oʻylaylik: biz Ibn Sino, Beruniy, Alisher Navoiy singari ulugʻ zotlarning avlodlarimiz, deb koʻkrak keramiz. Xoʻsh, oʻsha bobokalonlarimiz shunday xunuk ishlar qilganmi? Astahfirulloh, til aylanmaydi. Yoʻq, ular nainki el boshiga tashvish tushganda, balki omon-omon zamonlarda ham el-yurt dardi bilan yashaganlar, oʻz hisoblaridan masjidu madrasalar, koʻpriklar, yoʻllar qurdirganlar. Nega bunday kunlarda oʻsha buyuk ajdodlarimiz qilgan xayrli ishlarni unutib qoʻyamiz?! Zarur boʻlgandan keyin oladi-da, deb besh soʻmlik narsani oʻn-oʻn besh soʻmga, balki undan-da ortiqroq bahoda sotishga vijdonimiz qiynalmaydimi? Yoki shu balo (Xudo koʻrsatmasin) oʻshalarning ham boshiga kelmasligiga kim kafolat beradi? Yoxud ular hamma narsani pul bilan hal qilaman, deb oʻylasharmikan.
Mayli, oʻsha toifaga mansub kimsalar nima deb oʻylasa oʻylar, vijdoniga havola. Lekin shu narsa aniqki, bunday nafs qullari butun xalqimiz miqyosida olganda dengizdan tomchi. Aksariyat vatandoshlarimiz bu baloni yurtimizdan daf etish uchun, odamlarga, ozgina boʻlsa-da, marhamat koʻrsatish uchun harakat qilmoqda. Kimdir tibbiyot niqobini, boshqasi isiriqni bepul tarqatayotir. Saxovatpeshalar poytaxtda oʻqiyotgan talabalarni oʻz uyiga tekin olib borib qoʻyayotir. Xullas, savob talab, el dardiga malham boʻlishni oʻzining insoniy, fuqarolik, vatandoshlik burchi, deb biladiganlar koʻp. Zero, bunday olijanob fazilatlar xalqimiz, millatimiz qonida bor.
Ijtimoiy tarmoqlarda yozilayotgan ayrim fikrlarni oʻqib, yoqa ushlaydi odam. Turli mutaxassislar, mutasaddi rahbarlar shaʼniga aytilayotgan gaplardan ilon poʻst tashlaydi. Bu baloning oldini olish, yurtimizga kirib kelmasligi uchun kurashish oʻrniga qoʻl qovushtirib oʻtirgani yoʻq hech kim. Nahotki shuni tushunmasak. Turli darajadagi rahbarlarning tashvishi, xavotiri, masʼuliyati naqadar ogʻir ekaniga nahot aqlimiz yetmasa?! Masalan, men ularning shu kunlardagi ahvolini juda yaxshi tasavvur qilaman: na uyqusida, na yeyish-ichishida halovat bor. Biz oʻz oilamiz, farzandlarimiz haqida oʻylasak, ular oʻttiz toʻrt million aholining sogʻligi, taqdiri toʻgʻrisida bosh qotiradi. Davlatimiz rahbari vaziyatni shaxsan nazoratga olganini, bevosita oʻzi shugʻullanayotganini koʻrib, eshitib turibmiz-ku!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etildi va unga 10 trillion soʻm miqdorida mablagʻ ajratildi. Ushbu farmon asosida ishlab chiqarish korxonalariga, tadbirkorlarga katta imtiyoz va imkoniyatlar berildi. Bularning hammasi koronavirus balosini tezroq bartaraf etish, xalqimiz turmushi ogʻir ahvolga tushib qolishining oldini olish kabi ezgu maqsadlarga yoʻnaltirilgan.
Koʻrinib turibdiki, mamlakatimizda ushbu ofat ogʻir oqibatlarga olib kelmasligi uchun juda keng koʻlamda ham iqtisodiy, ham ijtimoiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bunday paytda har xil fisqu fasodlarni,mayda gaplarni bir chetga yigʻishtirib, ofatga qarshi hamjihatlikda kurashmoq zarur. Bu kurash aslida juda oddiy, yaʼni, har bir yurtdoshimiz mutaxassislar qayta-qayta aytayotgan tavsiyalarga amal qilsa, oila aʼzolarini shunga daʼvat etsa, oʻzi oʻrnak boʻlsa kifoya. Uning oʻrniga e, aytaveradi-da, deb tavsiyalarga rioya qilmasa, boʻlsa-boʻlmasa quchoqlashib koʻrishmoq uchun quchogʻini yozib kelaversa, oʻziga ham, boshqalarga ham ziyon yetkazadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda mutasaddi rahbarlarni jazolash kerak, degan yozuvlar paydo boʻldi. Bordi-yu masalaga shunday yondashiladigan boʻlsa yuzdan ziyod davlatlaring qancha-qancha rahbarlarini jazolash kerak. Holbuki, baʼzi davlatlarning mutasaddi rahbarlari ham kasallandi. Ne-ne qudratli, iqtisodiy baquvvat davlatlardagi ahvolni koʻrib inson yuragi uvishib ketadi. Xoʻsh, oʻsha mamlakatlarning mutasaddi rahbarlarini otish kerakmi? Shunday qilsa koronavirus yoʻqoladimi? Agar shunday boʻlganda oʻsha davlatlar bu ishni allaqachon amalga oshirgan boʻlmasmidi...
Xayolga kelgan gapni gapirish, yozish va ijtimoiy tarmoqlarga qoʻyish, oʻzi bilgan-bilmagan narsalar boʻyicha kimlargadir “maslahat” berish oson. Ammo amaliy ish qilish, loaqal bir kishining mushkulini yengillatish uchun odam shu yurtni, xalqini sevishi kerak, oʻzgalar dardini oʻz dardi kabi qabul qila olishi lozim. Vaholanki, har bir aytilgan, yozilgan gapning masʼuliyati, javobi bor. Buni unutishga hech kimning haqqi yoʻq!
Qisqasi, bugun tirnoq ostidan kir qidirish, oʻylamay-netmay fikrlar bildirib, odamlarni sarosimaga solish oʻrniga, ogʻir-vazminlik, aql-idrok, kuchli iroda bilan ish tutmoq, ofatga qarshi bir musht boʻlib kurashmoq talab etiladi. Qancha-qancha ofatlarni mardona yengib oʻtgan zakovatli, sabr-bardoshli xalqimiz yaqin kunlarda bu ofatu sinovdan ham eson-omon oʻtajak. Bu ezgu yoʻlda Yaratganning oʻzi bizga madadkor boʻlgay.
Shunday boʻlishiga chin dildan ishonaman!