Singapur jahon iqtisodiy reytingida Shveysariyani ortda qoldirdi
An’anaviy yetakchi Shveysariya dunyoning eng raqobatbardosh iqtisodiyoti reytingida uchinchi o‘ringa tushib ketdi. Global beqarorlik maydonga yangi yetakchilarni olib chiqdi.
IMD biznes-maktabi o‘tkazgan tadqiqotda birinchi o‘rinni Singapur, ikkinchi pog‘onani Gonkong egalladi. Tayvan va BAA kuchli beshlikka kirgan bo‘lsa, AQSH 10-o‘rinni band etdi. Ro‘yxat oxiridan Venesuela joy oldi.
AQSH tomonidan joriy etilgan yuqori boj tarifi, bevosita xorijiy investitsiya miqdori kamaygani Shveysariyaning salbiy ko‘rsatkichiga asosiy sabab sifatida ko‘rsatilgan. Shuningdek, davlat boshqaruvidagi muammo tufayli qarorlar uzoq muhokama orqali qabul qilinishi ushbu mamlakatda inqirozga qarshi tezkor chora ko‘rish jarayonini sustlashtirgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, dunyoda ichki bozorni himoya qilish kuchaygan hozirgi sharoitda yirik savdo uyushmalariga a’zo bo‘lmagan kichik davlatlar ko‘proq zarar ko‘rmoqda. Yaqinda e’lon qilingan boshqa hisobotda xorijlik boylar mablag‘ini saqlash bo‘yicha ham endi Gonkong eng ko‘p foyda ko‘rayotgani keltirilgan. Shunga qaramay, Shveysariya Iqtisodiyot vazirligi mamlakat hamon yuqori raqobatbardoshligi, davlat boshqaruvi va infratuzilma a’lo darajada ekanini bildirib, Hindiston va Janubiy Amerikaning “Merkosur” guruhi bilan yangi erkin savdo shartnomalari imzolanganiga urg‘u bergan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA