Sindaoda O‘zbekiston ko‘rgazmasi ochiladi
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti unga a’zo mamlakatlar iqtisodi rivojiga katta hissa qo‘shmoqda. Ma’lumki, shu yilning 17-18 iyul kunlari Sindaodagi EKSPO markazda ko‘rgazma ochiladi. Bu voqea arafasida jurnalistlar uchun ko‘rgazmalar markaziga media-tur tashkil etildi.
– Ko‘rgazma “Buyuk ipak yo‘li” bizni birlashtirsa, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti o‘zaro manfaatlar sari yetaklaydi” shiori ostida o‘tadi, – deydi EKSPO ma’murlari. – Unda har bir a’zo davlat uchun o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarini namoyish etishiga alohida joy ajratilgan.

Ko‘rgazmalar zali yetti yaproq gul misolidagi o‘ziga xos me’moriy yechimga ega binoda bo‘lib o‘tadi.

Sindaodagi EKSPO ko‘rgazmalar zalida eng hashamatli, katta maydon O‘zbekiston uchun ajratilgan. Mana hozir biz uning kirish yo‘lagida turibmiz. O‘zbekiston pavilionini buyuk bobomiz Amir Temur hazratlari haykallari qo‘yilgan zal ochib beradi.

Dastlab Yangi O‘zbekistondagi islohotlar natijalari, erishilgan yutuqlari haqida ma’lumotlar taqdim etiladi. Keyin esa yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlardan namunalar namoyish etiladi. Ular orasida to‘qimachilik mahsulotlari ham bor. Chunki, tabiiy paxta va ipak tolasi, undan to‘qilgan matolar O‘zbekiston eksportida salmoqli o‘rin tutadi. Ko‘rgazmada oziq-ovqat mahsulotlarini keng assortimenti namoyish etiladi. Toshkent chinnisi yana xalqaro miqyosda e’tibor qozonyapti. Ularga ham alohida joy ajratilgan.

Xullas, O‘zbekiston pavilioni e’tiborga loyiq tarzda hozirlanmoqda. Hali yana bu yerga ko‘plab soha mahsulotlari qo‘yiladi.
Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar jurnalistlari bu nufuzli xalqaro tashkilotning Xitoy raislik davridagi faoliyati bilan ham tanishdilar.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/CJkzSsv0E_Q?si=8F4iOdYDqzG1qTRU" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov,O‘zA
Sindao, Xitoy