Sinaga "Turizm qishlog‘i" maqomi berildi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Sina mahallasida milliy taomlar sayli bo‘lib o‘tdi. Bu sayl viloyatning o‘ziga xos taomlari ko‘rgazmasi sifatida o‘tkazilishi an’ana tusini olgan.
Milliy uslubda jihozlangan pavilonlarda usta pazandalar o‘z mahoratini ko‘rsatib, turli taomlar tayyorlashdagi an’ana va usullarini namoyish etdi.
Surxon vohasi o‘zining qadimiy tarixi bilan turizmning barcha turlarini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarga ega. So‘nggi yillarda hukumatimiz tomonidan turizmga bo‘lgan e’tiborning ortishi natijasida viloyatda ziyorat, eko va etno turizm kabi ko‘plab yo‘nalishlar rivojlanmoqda. Bu esa hududga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar sonining ortishiga zamin yaratayotir.
[gallery-20155]
Sinada milliy taomlar saylini tashkil etilishi bejiz emas. Bu qishloq azaldan pazandalik san’ati bilan mashhur bo‘lib, mamlakatimizda keng tanilgan. Tadbir hududning turistik imkoniyatlaridan samarali foydalanish, milliy urf-odat va an’analarni mehmonlarga keng namoyish etish hamda Sina qishlog‘ini turistlarning sevimli maskanlaridan biriga aylantirish maqsadini ko‘zlagan.
Saylda Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Niyozov qatnashdi.
Tadbir yakunida Sina mahallasiga “Sina” turizm qishlog‘i maqomi berildi. Shuningdek, “Eng yaxshi milliy taom”, “Eng yaxshi oshpaz” va “Eng mazali hudud” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Ular viloyat va Denov tumani hokimligi tomonidan diplom, maxsus statuetka va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bu sayl tumanning turistik salohiyatini oshirish hamda milliy qadriyatlarimizni targ‘ib qilish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA