Sifatsiz tunuka, o‘z vaqtida bajarilmagan buyurtma
Kosonsoy tumani «Olmazor» MFY «O‘rikzor» ko‘chasida yashovchi fuqaro X.Q O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 10-91 ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Murojaatda bayon etilishicha, fuqaro Kosonsoy tumanida joylashgan qurilish do‘konidan 66 metr tunukani 5 million 280 ming so‘mga sotib olgan. Xarid qilgan tunuka esa sifatsiz chiqqan.
Ushbu murojaat Kosonsoy tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida tuman ijro apparati xodimlari tomonidan qurilish do‘kon rahbariga tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada fuqaroga 66 metr 5 million 280 ming so‘mlik sifatsiz tunuka, boshqa sifatli mahsulotga almashtirib berildi.
Kosonsoy tumanida iste’molchini qiynayotgan yana bir muammo o‘z vaqtida hal qilindi. «Beshketmon» MFY da yashovchi fuqaro Sh.V ham federatsiyaning 10-91 ishonch telefoniga murojaat qilib, Kosonsoy tumani «Yoshlik» MFY da joylashgan do‘kondan «Akfa» eshik romlarini 6 million 500 ming so‘mga buyurtma qilganini, ammo usta buyurtmani o‘z vaqtida tayyorlab o‘rnatib bermaganini aytgan.
Ushbu murojaat Kosonsoy tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida chindan ham buyurtma o‘z vaqtida qilinmagani ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng iste’molchining qonuniy talablari bajarilib, «Akfa» eshik romlari buyurtmachiga yetkazib berilishiga erishildi.
O‘zA