Sifatli, tezkor maqola, kontent tayyorlash muhim masala
Andijonda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida media sohasi vakillari uchun “media haftalik” kunlari boshlandi.
Andijon davlat tibbiyot institutining zamonaviy o‘quv binosida o‘tkazilayotgan media haftalikda Respublika ommaviy axborot vositalarining viloyatdagi muxbirlari, viloyat, tuman va shahar gazetalari muharrirlari, tuman, shahar hokimliklari, viloyat boshqarmalari, oliy o‘quv yurtlari axborot xizmatlari rahbarlari, viloyat teleradiokompaniyasi xodimlari, blogerlar ishtirok etmoqda.
Mediahaftalik ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan viloyat hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Rustamjon Eshonov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Saminjon Husanov, Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi bosh mutaxassisi Botirjon G‘ofurov media haftalikning maqsad-vazifalar xususida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
[gallery-29729]
- Bugun shiddat bilan rivojlanib borayotgan jamiyatimizda axborotga bo‘lgan talab juda yuqori, - deydi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi bosh mutaxassisi Botirjon G‘ofurov. – Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, axborotni tayyorlashda tezkorlik, sifat va professionallik muhim o‘rin tutadi. Shunday ekan, bugungi kunda media sohasining har bir vakili ana shu mezonlar bo‘yicha muayyan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim. Media haftalikni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham soha vakillarining bilim va malakalarini yuksaltirishga ko‘maklashishdir.
Qatnashchilar guruhlarga bo‘lingan holda matbuot, internet jurnalistikasi, teleradio yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdi.
Tajribali mutaxassis hamda media ekspertlar tomonidan olib borilayotgan mashg‘ulotlarda zamonaviy media, sun’iy intellekt va media faktcheking, vizual kontent, kontent strategiyasi, sifatli va tezkor kontent tayyorlash, auditoriya bilan ishlash singari qator yo‘nalishlar bo‘yicha keng ma’lumotlar berilmoqda.
Ochiq muloqot shaklidagi suhbatlar davomida ishtirokchilar mavzular doirasida o‘zlarining fikr-mulohaza, kasbiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Media haftalik doirasidagi mashg‘ulotlar juda qiziqarli o‘tmoqda, – deydi Baliqchi tumani “G‘alaba” gazetasi muharriri Shahzodaxon Karimova. – Ayniqsa, bosma nashrlarning media makonda faoliyat olib borishi birmuncha qiyin kechayotgan bugungi kunda auditoriya bilan ishlash, maqolalarni o‘quvchi talabiga mos tarzda tayyorlash bo‘yicha bilimlarimizni boyitdik, bu boradagi tajribalar bilan tanishdik. Bu albatta kelgusi faoliyatimizni yanada samarali olib borishga yordam beradi.
Umuman, bugungi kunda qaysi yo‘nalishda bo‘lmasin, media sohasi vakillari chuqur bilim, auditoriya bilan ishlay oladigan, sifatli, tezkor kontent, maqola tayyorlash salohiyatiga ega bo‘lishi muhimdir.
Andijonda o‘tkazilayotgan media haftalik shu yilning 5-iyuniga qadar davom etadi.
F. Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari