Sifatli ta’lim yangi marralarni egallashning oqilona yo‘lidir
Bugun jamiyatimizning barcha jabhalarida o‘zgarish, islohotlar epkini kuzatilmoqda. Yangi zamon ruhi kirib bormagan, inson manfaatiga ustuvor ahamiyat qaratilmayotgan biror-bir soha yo‘q.
Ayniqsa, so‘nggi yetti yildagi tadrijiy rivojlanish bosqichlariga nazar solsak, ularning mazmun-mohiyatida xalqimiz xohish-irodasi, yillar davomida fuqarolarning tinchlik-xotirjamligiga to‘siq bo‘layotgan og‘riqli muammolar yechimi turgani yanada ahamiyatlidir.
Bir so‘z bilan aytganda, bunday tarixiy evrilishlar o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Mazkur islohotlar zamirida aniq va rejali maqsad, qat’iyat, kuchli siyosiy iroda mujassam.
Ma’lumki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta muhim maqsad o‘z aksini topgan bo‘lib, mazkur hujjat orttirilgan tajriba, xalqaro ekspertiza va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqildi.

O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu hujjatning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qiladi. Strategiyada belgilangan yo‘nalishlarning barchasida aholi, ya’ni xalq va mamlakat manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yildi.
Jumladan, strategiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ta’lim va fan sohasini rivojlantirish bo‘lib, unda barcha muammoli masalalarga yechim topilgan. Xususan, ta’lim va o‘qitish sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish asosida oliy ta’lim muassasalari faoliyatining sifati hamda samaradorligini oshirish, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini bosqichma-bosqich ko‘paytirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag‘batlantirish kabilar muhim ahamiyatga ega.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi nafaqat yurtimizning kelgusi yetti yillik taraqqiyotini, balki uning uzoq yillik rivojlanish strategiyasini belgilab beruvchi muhim hujjatdir. Unda belgilangan maqsadlarning ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanishi esa davlat va jamiyatning har tomonlama jadal rivojlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Dunyodagi ilg‘or tajribalardan nafaqat xabardor bo‘lib borish, balki ularni puxta o‘rganish ham muhim ehtiyoj. Buning uchun esa katta platforma kerak. Farg‘ona politexnika instituti ham aniq strategik maqsadni belgilab, ayni shu mas’uliyatli vazifani muvaffaqiyatli o‘tashi uchun tizimli ishlarni boshlab yuborgan.
Xususan, Farg‘ona politexnika institutini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi shakllantirilib, ishlab chiqildi. Mazkur strategiyada zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan tizimni shakllantirish kabi muhim yo‘nalishlar belgilangan. Ushbu belgilangan tizimli ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Jumladan, 2024 yilda eng avvalo o‘quv jarayonlarining sifatini oshirish va optimallashtirishni davom ettirish, xalqaro e’tirof etilgan reytinglarda munosib o‘rin egallash, ilmiy maktablar faoliyatini takomillashtirish, ilmiy ishlanmalar hamda bilim va ko‘nikmalarni tijoratlashtirishning samarali ekotizimini bosqichma-bosqich tashkil etishga alohida ahamiyat qaratildi. Shuningdek, ilg‘or muhandislik maktablarini ochish, istiqbolli yo‘nalishlarda markazlar salmog‘ini oshirish, davlat-xususiy sherikchilik asosida zamonaviy talabalar turar joyini barpo etishni davom ettirish, institutning brend siyosatini yanada takomillashtirish kabi bir qancha strategik maqsadlarni belgilab olib, “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Muxtasar aytganda, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasidagi islohotlar zamonaviy tendensiyalarga mos holda rivojlanib bormoqda. Shubhasiz, sifatli ta’lim yangi marralarni egallashga olib keladigan eng qisqa va oqilona yo‘ldir. To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur sohadagi tub o‘zgarishlar o‘z natijasini o‘rta va uzoq istiqbolda ko‘rsatadi.
Sherzodjon Dehqonov,
Farg‘ona politexnika instituti yoshlar masalalari va
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori.
O‘zA