Shut – tog‘ bag‘ridagi sirli go‘zallik manzili
Sayohat manzillari
Ikkinchi maqola
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida joylashgan olis Shut qishlog‘i haqida avvalgi maqolamizda ham so‘z yuritgan edik. Bu gal biz bu yerning mehmondo‘st odamlari, og‘izdan og‘izga o‘tib kelayotgan sirli rivoyatlar va qadimiy tarixga ega boy xazinalari haqida fikrlashni joiz deb bildik.
Masofa uzoq, shu bois Qarshidan yarim tundan keyin yo‘lga chiqdik. Oldimizda to‘rt soatlik tog‘ yo‘li kutib turardi. Kitob tumaniga qarashli Palandara hududidan o‘tar ekansiz, tog‘ havosining musaffoligini his qilasiz. Keyingi manzillar Obikanda, Jouz, Matmon, Denovbola, Aspiduxtar va nihoyat, manzilimizning nuqtasi – Shut qishlog‘i.
Tong yorishib, qirlar kungay tomondan yorug‘likka cho‘mila boshlagan. Qishloqda ajib sukunat. Faqatgina temirchilik ustaxonasidan chiqayotgan bolg‘a zarbalari shamol bilan birga tog‘ ostiga taralardi.
Yog‘och sinchli uylar, shox-shabbalardan to‘qilgan hovli devorlari, osmonga bo‘y cho‘zgan teraklar va ko‘chalar yoqasida jildirab oqib turgan suv jilg‘asi, barchasi tabiat va inson uyg‘unligidan dalolat beradi.
Temirchilik ustaxonasi sari yo‘l oldik. Yuzlaridan nur yog‘ilgan, soqoli oqargan otaxon nabirasi bilan qizargan temirni bolg‘alardi. Uning har bir zarbasida yillar, mehnat va hunarning hidi bor edi.
– Yoshim 72 da, temirchilik bilan yarim asrdan buyon shug‘ullanaman, – deydi Mutaillo bobo Rahmatov. – Bir oz to‘xtab qolganimda kasalim ham qaytdi. Qayta ish boshlagandim, o‘zimni yaxshi his qildim. Otamdan meros bu hunarni qo‘limdan qo‘ymayman. Asosan dehqonchilik va bog‘dorchilik uchun buyumlar yasayman. Hozir otlar uchun taqa yasayapman. Kuniga 3-4 soat ishlayman. Temirchilik mashaqqatli, ammo mehr bilan qilinsa, jonga shifo.
Ha, haqiqatan ham hunari borning barakasi bor. Mutaillo bobo bu ishdan katta daromad olmasa-da, mehri bor. Ustaxona eshigi ochiq bo‘lmasa, o‘zini notinch his qiladi.
Shut qishlog‘i nafaqat mehnatkash insonlari bilan, balki qadimdan inson zoti makon tutgan, tarixiy xotiralar bilan to‘liq zamin sifatida ham qadrli.
Qishloq chetida “katta mozor” deb ataluvchi ziyoratgoh bor. Xalq orasida bu yerda payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning sahobalaridan biri – Hoja Dovudi Dardo (ya’ni Abu Dardo roziyallohu anhu) dafn etilgani haqida rivoyat aytiladi. Yonidagi ulkan archaning ham yoshi ming yildan oshgan deyishadi. Yozma manbaa topilmagan bo‘lsa-da, mahalliy aholi bu rivoyatni avloddan avlodga yetkazib keladi.
Qurbonqul Salomov qishloqning hofiz tarixchisi, mahalliy rivoyatlarning jonli guvohi. Uning aytishicha, Shut tog‘lari orasida “Zamini sang”, “Zamini mushsha”, “Dihajo” nomli joylar bor bo‘lib, qadimda bu yerlarda katta bozorlar bo‘lgan. Savdo-sotiq rivojlangan, turonliklar yashagan. Hatto qishloq tepaligida “koferxona” deb atalgan joyda dehqonchilik qilingan va har haydalgan yerdan qadimiy sopol buyumlar topilgan.
– Ulardan ayrimlarini yig‘ib, maktabimizda kichik muzey tashkil qilganman, – deydi Qurbonqul aka. – Arxeologlar ham kelib, topilmalar qishloqning kamida 9 asrlik tarixga egaligini aytishgan.
Shutda XVIII asr oxiriga oid masjid qoldiqlari ham saqlangan. Hozir faqat yog‘och ustunlari qolgan bo‘lsa-da, bu joy o‘tmishning jonli xotirasi kabi saqlanib turibdi.
Qadimiy qabriston, odam suyaklari va sopol idishlar ham bu yerning ilk insoniyat makoni bo‘lganini tasdiqlaydi.
Qurbonqul aka bizga yana bir qiziq hikoyani so‘zladi, qishloqda 150 yoshdan oshgan olma daraxti bor ekan. Avval bu gap mubolag‘aday tuyuldi, ammo borib ko‘rsak, chindan ham shox-shabbalarida hosil berayotgan keksaygan daraxtni ko‘rdik. Bu yerning tuprog‘i unumdor, suvi shirin, havosi musaffo ekanini shunda anglaysiz.
[gallery-25872]
Shut nomi “oxir”, “tamom” ma’nosini anglatsa-da, bu o‘lka haqidagi taassurotlar sira tugamaydi. Tog‘lar bag‘ridagi bu go‘zal manzil, mehr to‘la insonlar va tabiat uyg‘unligi yurakka shodlik, xotirjamlik bag‘ishlaydi.
Bobo quyosh tog‘ cho‘qqilariga yonboshlarkan, bizning safarimiz ham yakunladi. Ammo Shut qishlog‘idan olib qaytilgan taassurotlar yuraklarda qoldi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA