Shusha delegatsiyasi Urganch davlat universitetida bo‘ldi
FOTOREPORTAJ
Ozarbayjon Respublikasining Shusha shahri delegatsiya rahbari Aydin Kerimov boshchiligidagi bir guruh ozarbayjonlik mehmonlar Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida Urganch davlat universitetida bo‘ldi.
Dastlab mehmonlar Ozarbayjon shoiri, yozuvchi, dramaturg va jamoat arbobi sharafiga filologiya va san’at fakultetida tashkil etilgan Yusuf Vazir Chamanzaminli nomidagi «Ozarbayjon-o‘zbek do‘stlik markazi» bilan tanishdi.
Mehmonlarga markazning tashkil etilishi hamda Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari bilan til va adabiyot yo‘nalishida olib borilayotgan hamkorlik aloqalari va kelgusidagi samaralari haqida ma’lumot berildi.
[gallery-19227]
Ta’kidlash joiz, markazda Ozarbayjonning milliy-ma’naviy qadriyatlari, tarixi, adabiyoti, madaniyati va san’atini aks ettiruvchi kitoblar, shoir va yozuvchilar siymolari, elektron adabiyotlar hamda Yusuf Chamanzaminli hayoti va ijodiga oid adabiyotlar, fotosuratlar joy olgan.
Aydin Kerimov tomonidan ushbu madaniy markaz uchun ramziy esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.
Tashrif doirasida Ozarbayjon Respublikasi Shusha shahri delegatsiyasi a’zolari hamda Urganch davlat universiteti rahbariyatining rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida ikki qardosh davlatning azaliy do‘stlik aloqalari va mushtarak jihatlari e’tirof etildi.
Urganch davlat universiteti rektori B. Abdullayev delegatsiya a’zolarini universitetning bugungi kundagi faoliyati hamda xalqaro hamkorlik aloqalari bilan yaqindan tanishtirdi. Ikki davlat o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiluvchi madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash borasida fikrlarini bildirdi. Xususan, universitetda ozarbayjonlik talabalar uchun yozgi maktablar tashkil etish, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish haqida to‘xtalib, 2025 yil may oyida ushbu oliy ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan xalqaro matematika olimpiadasida ishtirok etish uchun Ozarbayjon Respublikasi talabalarini taklif qildi.
O‘z navbatida, janob Aydin Kerimov ushbu takliflarni mamnuniyat bilan qabul qildi hamda Shusha shahrida joylashgan Qorabog‘ universiteti bilan Urganch davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish istagini bildirdi.
Tomonlar universitetlar o‘rtasida turizm va me’morlik sohalari bo‘yicha hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga kelishib oldi. Ozarbayjonlik mehmonlar uchun madaniy tadbir tashkil etildi.
Behzodbek SAIDOV(surat),O‘zA