“Shum bola”ni Amerikada ham o‘qishlari mumkin
Bugun xorijiy tillarni bilish oddiy holga aylangan. Ammo boshqa xalq vakillarining o‘zbek tilida so‘zlashishi har doim ham quloqqa chalinavermaydi.
Ana shunday insonlardan biri, amerikalik tarjimon Kristofer Fortni yurtimizda taniydiganlar ko‘payib bormoqda. U yosh bo‘lishiga qaramay, ko‘plab xalq ziyolilari, yoshlarning qadrdon do‘stiga aylanib ulgurgan.
O‘zbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi rolini oshirish dolzarb bo‘lgan bugungi kunda ummon ortida turib o‘zbek tilini o‘rganayotgan, ham yoshlarga o‘rgatayotgan insonlar safi kengayayotgani kishiga g‘urur bag‘ishlaydi.
Muxbirimiz tarjimonning o‘zbek tiliga e’tibori haqidagi fikrlarini yozib oldi.
– O‘zbek tilini o‘rgana boshlaganimga o‘n yilcha bo‘ldi. Ilgari grammatik jihatdan o‘zlashtirgan bo‘lsam, tarjima bilan shug‘ullanganim sari ushbu turkiy tilning badiiy imkoniyatlarini ham kashf etayapman, – deydi Kristofer Fort.

Til o‘rganishni ilk bor universitetda ilmiy rahbarim tavsiya qilgan edi. Domlam tufayli ushbu tilning so‘z boyligi, ildizi mustahkamligini, bugun ham Markaziy Osiyoning katta hududida iste’molda ekanini bildim. Keyinchalik Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy singari buyuk adiblar ijod qilgan tilga mehrim tobora oshdi. Qiyinchiliklarga qaramay, o‘rganishdan to‘xtamadim. Mana, bugun o‘zbek tilida erkin so‘zlashaman, yozaman, romanlarni tarjima qila olaman.
O‘zbekiston – adabiyot va san’at vatani. Bu yurtga uch marta kelgan bo‘lsam, har doim mana shu ikki sohaga davlat e’tibori yuqoriligi, shu bilan birga xalqingizning adabiyot va san’atga mehri kuchliligini sezganman. Ayniqsa, Farg‘ona vodiysiga, Samarqand, Buxoroga borganimda bu yaqqol sezilgan.
Sizlarda Navoiy, Qodiriy, Cho‘lponni hamma taniydi, ularning ijodi maktab, litsey, oliy o‘quv yurtlarida hammaga birday o‘qitiladi. Bizda, Amerikada esa har xil maktablarda o‘qigan bolalar turli yozuvchi-shoirlar ijodini o‘rganadi. Aslida, millat fidoyilarini barcha bilishi kerak.
O‘zbekistonda ajdodlar va ularning ijodiy merosiga hurmat juda yuqori. Bu esa yurt va millat taraqqiyotiga muhim poydevor, desam yanglishmayman.
Cho‘lponning “Kecha va kunduz”ini, Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romanini ingliz tiliga o‘girganimdan so‘ng ko‘pchilik endi nima bilan bandligimga qiziqish bildirdi. Ayniqsa, talabalarim orasida tilga qiziquvchilar ortdi. Xususan, Kiki Grey ismli talabam ayni kunlarda o‘zbek shoiralari she’riyati bo‘yicha ilmiy ish boshlagan. Bu, albatta, meni quvontiradi.
To‘g‘risini aytsam, Navoiydan tarjimalar qilish rejam bor, ammo bu hozircha men uchun biroz mushkul. Yaqin orada G‘afur G‘ulomning “Shum bola”sini ingliz tiliga tarjima qilish niyatidaman.
Yulduz O‘rmonova suhbatlashdi