Shosse yo‘nalishidagi poygalar qizg‘in o‘tdi
Jizzaxda velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy B.Mo‘minov xotirasiga bag‘ishlangan respublika turniri yakunlandi.
Musobaqaning so‘nggi kunida kattalar va yoshlar toifasida 102 km. masofaga guruh poygasi bo‘lib o‘tdi. Unda Dmitriy Bocharov, Nikita Svetkov va Begzod Rahimboyev kattalar o‘rtasida shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, Qayrat Ismoilov, Jo‘rabek Abduqodirov hamda Ozodbek Shokirov yoshlar orasida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Turnirning ayollar toifasida 45 km. masofaga o‘tkazilgan guruh poygasida Madina Qahhorova oltin medalga sazovor bo‘ldi. Yekaterina Knebeleva hamda Kseniya Li esa kumush va bronza medali bilan taqdirlandi. Ushbu masofadagi yosh qizlar bahsida Samira Ismoilova marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Shuningdek, uning ortidan Nozima Egamberdiyeva va Yana Mishinova finish chizig‘ini bosib o‘tdi.
Shu tariqa, ikki kun davom etgan musobaqa yakunlandi. Turnirning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA