Sho‘rchida yangi xususiy klinika ish boshladi (+video)
Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida “Murod shifo” xususiy tibbiy markazi foydalanishga topshirildi.
Loyiha qiymati to‘rt milliard so‘mlik zamonaviy tibbiyot muassasasining ochilish marosimida mamlakatimizda keyingi yillarda inson qadri ulug‘lanib, salomatligini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Buning uchun aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilayotgani, yangi-yangi tibbiyot muassasalari barpo etilib, el salomatligi yo‘lida samarali xizmat qilayotgani qayd etildi.

Tumanda foydalanishga topshirilgan 65 o‘rinli yangi tibbiyot muassasasida ham bemorlar uchun barcha qulaylik mavjud. Zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan.
– Klinikamizda nevropatolog, kardiolog, terapevt, ginekolog, UZI dopler apparatlari hamda laboratoriya instrumental tekshiruvlarga asoslangan, – deydi bosh shifokor Qahramon Allayorov. – UZI dopler apparatlarimizda homiladorlik va turli nuqsonlarini erta aniqlash, sifatli xizmat ko‘rsatish maqsad qilingan. Laboratoriya instrumental dexla apparatida 210 xildan ortiq analizni qisqa fursatda tekshirish mumkin.

Zamonaviy yangi shifoxonaning barpo etilgani tumandagi yoshu keksaga bir olam quvonch ulashdi.
– Tumanimizda eng ko‘zga ko‘ringan, xalqimizga sifatli xizmat qiladigan tibbiyot klinikasi foydalanishga topshirildi, – deydi mehnat faxriysi O‘rol Cho‘tboyev. – Minglab odam kelib, shu yerda davolanadi. Toshkent shahriga yoki boshqa viloyatlarga borishiga chek qo‘yadi. Barcha uskunalari talabga javob beradi. Ular eng so‘nggi rusumdagi jihozlar bo‘lib, barcha kasalliklar tez aniqlanib, bemorlar shu yerda davolanadi va albatta, shifo topadi.

Shifo maskanida 53 nafar tajribali oliy va o‘rta ma’lumotli tibbiyot xodimi ish bilan ta’minlandi. Shu kuni tibbiyot muassasasi ilk mijozlarini qabul qildi.
Ochilish marosimi ishtirokchilari tibbiyot markazida bemorlarga tashxis qo‘yish jarayonlari va davolanish uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dUSm5skoNJA" title="Sho‘rchida yangi xususiy klinika ish boshladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri