Sho‘rchida pista daraxtlari hosilga kirdi
Xandon pista – qurg‘oqchil sharoitda ham yaxshi o‘sib-rivojlanadigan mevali daraxt. U respublikamizning deyarli barcha tog‘ va tog‘oldi yerlarida o‘sadi. Ayni paytda Surxondaryo viloyatining tumanlarida ham xandon pista daraxti ko‘paytirilmoqda.
Xususan, Sho‘rchi tumanining "Qoqaydi" mahallasida yashovchi Oysara Vohidova va uning turmush o‘rtog‘i Alyor Abduhamidov mana 8 yildirki, o‘z tomorqasining 6 sotix yer maydonida Eron pistasining mashhur «Ahmadiy» navini parvarishlab keladi.
– Pista ekish haqida o‘ylaganimizda ko‘pchilik bu ishning natijasini uzoq kutishga to‘g‘ri kelishini aytardi, – dedi Oysara Vohidova. – Lekin biz sabr qildik. Har bir ko‘chatni farzandimizdek parvarishladik. Bugun mehnatimiz samarasini ko‘rib turganimizdan xursandmiz. Endi hosildor navlarni ko‘paytirish va ko‘chatchilikni rivojlantirishni maqsad qilganmiz. Oradan olti yil o‘tib, tomorqadagi 40 tup pista daraxtimiz hosilga kirdi. Bu esa oilamizning ko‘p yillik mehnati va intilishlarining amaliy natijasi bo‘ldi. Dastlabki yillarda har bir daraxtdan o‘rtacha 4-5 kilogrammdan, jami 120 kilogrammga yaqin hosil oldik. Albatta, buni yanada ko‘paytirish niyatidamiz. Asosiy maqsadimiz hosildorlikni yanada oshirish va pista yetishtirish tajribamizni kengaytirishdir.

Shuningdek, pistachilik ortidan ish o‘rnini yaratib, mahallamizdagi yoshlariga ham shu mehnat ortidan daromad olishlarini taklif qilmoqchimiz. Shu maqsadda seleksiya ishlarini olib boryapmiz, hosildor navlarni payvand qilyapmiz. Bugungi kunda iqlimimizga moslashgan ming tupdan ortiq pista ko‘chatlarini parvarishlayapmiz.
– Oysara Vohidova va uning oilasini uzoq yillardan buyon taniyman, – deydi jurnalist Nigina Shoyeva. – Ular mehnatsevarligi, sabr-toqati hamda tadbirkorlikka xos yondashuvi bilan mana necha yildirki, hamqishloqlari orasida hurmat qozonib kelmoqda. Oysara opa bir necha yil avval oddiy tomorqada katta orzular bilan pista niholini ekkan edi. Bugun esa o‘sha orzular ilk hosilini berib, mehnatning shirin mevasi namoyon bo‘ldi.
Bu ish oson kechmadi. Chunki pista daraxti sabr talab qiladigan, yillar davomida parvarish qilinishi lozim bo‘lgan daraxtlar qatoriga kiradi. Ko‘chatlarni sug‘orish, ularni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, tuproqqa ishlov berish kabi ishlar muntazam amalga oshirildi. Shuning hisobiga, bugun Oysara Vohidovaning tomorqasi yashillikka burkangan. Bir paytlar kichik ko‘chat bo‘lgan daraxtlar endi mustahkam ildiz otib, hosil bermoqda. Tomorqadagi har bir daraxt oila a’zolarining mehnati, umidi va kelajakka bo‘lgan ishonchini o‘zida mujassam etgan.
Olti yillik intizorlikdan so‘ng olingan ilk hosil tomorqada ungan orzuning ro‘yobi bo‘ldi. Bugun bu xonadon nafaqat o‘z ehtiyojini qondirmoqda, balki kelajakda pista ko‘chatchiligi va hosil yetishtirishni yanada kengaytirishni maqsad qilgan. Bu esa qishloq aholisi uchun daromad manbai yaratish va tomorqadan samarali foydalanishning yana bir yorqin namunasidir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, pista qurg‘oqchilikka chidamli, iqtisodiy jihatdan daromadli va ekologik ahamiyatga ega ekinlardan biri hisoblanadi. Shu bois keyingi yillarda aholi tomorqalarida va dehqon xo‘jaliklarida pista yetishtirishga qiziqish ortib bormoqda.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tashkiloti (FAO) ma’lumotiga ko‘ra, jahon bozorida xandon pista mevasi yong‘oq va bodomdan 3-4 barobar qimmat baholanadi. Birgina Italiyada xandon pistaning 1 tonnasi — 13 371, Fransiyada 1 tonnasi — 10 263 va Turkiyada 1 tonnasi 10 156 AQSH dollariga baholanadi. E’tiborlisi, ushbu davlatlarda yetishtirilgan xandon pistalar boshqa mamlakatlarnikiga qaraganda 2-3 baravar qimmatroq sotiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA