Shonli maktab poydevori va istiqboli
«Sayqali ro‘yi zamin», «Firdavsmonand», «Baldai mahfuza» deya e’zozlangan Samarqand uzoq asrlar davomida insoniyatning madaniy qatlami, ilmu irfon ahlini ohanrabo singari o‘ziga tortib kelgan ilm va madaniyatning qadimiy o‘choqlaridan biridir.
Ko‘hna tarixning ilk qadamlaridan boshlab jahongir fotehlar, san’at va madaniyat ahli, tolibi ilmu hikmat, tariqat va ma’rifati ilohiy shaydolari intilgan, talpingan, jamlangan mazkur zamin Ismoil al-Buxoriy, Imom Moturudiy, Al-Marg‘inoniy, Fazlulloh Abulays va abulaysiylar, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Xo‘ja Ahrori Vali singari mo‘’tabar siymolarni voyaga yetkazdi. Islom madaniyatining ilk davrlaridan boshlab o‘zining ilmiy salohiyati va samaradorligi, nufuzi bilan musulmon sharqi mutafakkirlari va tolibi ilmlarini jalb etgan Samarqand madrasalari Abu Abdullo Ro‘dakiy, Umar Xayyom, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Ali Qushchi kabi ko‘plab ilm ahli va so‘z ustalarining kamol topishida jiddiy omil bo‘lib xizmat qildi. Ularning barchasi Hazrat Navoiy ta’biri bilan aytganda «tahsil uchun Samarqand»ga kelganligi e’tiborga molik bir holatdir. Bu jarayon, ayniqsa, olimlar sultoniyu, sultonlar olimi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek hukmronligi va uning davrida – 1420-yilda asos solingan madrasayi oliya faoliyati davomida keng tus oldi.
Samarqand ilmi tarixida so‘zshunoslik, so‘z nafosati qirralarini yoritishga qaratilgan «ilmi balog‘a», «ilmi fasohat», «ilmi bade’», «ilmi aruz», «ilmi qavofe’» singari soha va yo‘nalishlar qadimiy, izchil an’analarga ega. Nizomiy Aruziy Samarqandiyning «Majma’ un-navodir», Shayx Xudoydodi Ahmad Taroziyning «Funun ul-balog‘a», Davlatshoh Samarqandiyning «Tazkirat ush-shuaro», Muhammad Bade’ Maleho Samarqandiyning «Muzakkiri ashob» kabi ko‘plab nodir manbalar bu zaminda hozirgi adabiyotshunoslik fanining ilk irmoqlari uzoq asrlardan beri kamol topib kelayotganini tasdiqlaydi.
Bu an’analar adabiyotshunoslik, tilshunoslik, matnshunoslik ilmlari alohida fan sifatida shakllangan XX asrda ham izchil davom etdi. Markaziy Osiyoning shu davrdagi eng yirik madaniy va siyosiy markazlaridan bo‘lgan Samarqand maorifi, ilmiy jamoatchiligi ta’limdagi islohotlarning bosh bo‘g‘ini bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tarixiy hujjatlarda qayd etilishicha, Samarqand oliy ta’limi asosini Istanbul universiteti bitiruvchisi Abdurauf Fitrat, Istanbul va al-Azhar universiteti (Misr) bitiruvchisi G‘ozi Olim Yunusov hamda Ulug‘bek va Sherdor madrasalarini bitirgan Xoji Muin, Po‘lat Soliyev, Mirzajon Saidjonov va boshka ziyolilar tashkil etgan. Shuningdek, tayanch ma’lumotni Samarqand va Buxoro madrasalarida olgan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Sayidahmad Vasliy, Vadud Mahmud, Sadriddin Ayniy, Abdurahmon Sa’diy kabilar Samarqandda ta’limning yuqori bo‘g‘inlarini rivojlantirish, filologiyaga oid ilm va fanlarning zamonaviy fundamental asoslarini yaratishda jonbozlik ko‘rsatdilar. Xususan, adabiyotshunoslik ilmining fan sifatida shakllanishi A.Fitrat, S.Ayniy, A.Sa’diy va O.Sharafiddinov nomlari bilan bog‘liq. S.Ayniyning “Namunai adabiyoti tojik”, A.Fitratning “O‘zbek adabiyoti namunalari”, O.Sharafiddinovning ikki tomlik “O‘zbek adabiyoti tarixi” darslik-xrestomatiyalari mamlakatimizda shu sohada yaratilgan ilk o‘quv adabiyotlaridir.
Taniqli sharqshunos va navoiyshunos olim Ye.E.Bertels o‘z xotiralarida qayd etishicha, 1930-yilning may-iyul oylarida Samarqandda O‘zbek davlat ilmiy tekshirish instituti xodimlariga Alisher Navoiy hayoti va ijodi bo‘yicha maxsus kurs o‘tgan. Bu davrda “Navoiy va Attor” monografiyasi bilan katta shuhrat qozongan olim keyingi faoliyati davomida Samarqand adabiyotshunosligi vakillari bilan yaqin ilmiy aloqada bo‘lganligi asarlarida qayd etiladi.
Biroq Samarqandda tom ma’nodagi adabiyotshunoslik maktabining shakllanishi yetuk olim va murabbiy - akademik Vohid Abdullayevning ilmiy-pedagogik va rahbarlik faoliyati bilan bog‘liqdir. O‘tgan asrning 40-yillarida navoiyshunoslik maydoniga kirib kelgan V.Abdullayev ulug‘ shoir va mutafakkir hayotining eng kam o‘rganilgan davrlari – Samarqanddagi hayoti va adabiy faoliyatini tadqiq etishga kirishdi. Olim «Alisher Navoiyning hayoti va Samarqanddagi adabiy faoliyati» mavzsui ustida ilmiy ish olib bordi. Olim mazkur nomzodlik dissertatsiyasini zo‘r muvaffaqiyat bilan yoqladi. Dissertatsiyada ilmiy faktlar asosida Alisher Navoiyning Samarqandda to‘rt yil yashaganligi, Samarqand va Movarounnahrning qator shoirlari va olimlari bilan ijodiy aloqada bo‘lganligi, olgan taassurotlari keyingi butun ijodiga samarali ta’sir ko‘rsatib, go‘zal she’rlari va dostonlariga material sifatida xizmat qilganligi isbotlab berilgan.
«Ulug‘ o‘zbek shoiri Alisher Navoiy va uning Samarqanddagi tahsil yillariga oid Vohid Abdullayev qalamiga mansub asarlar o‘zining keng ko‘lamda ekanligi, faktik materialga boyligi, mavzu doirasining kengligi bilan ajralib turadi. Olim ulug‘ shoirning Samarqanddagi hayot sharoiti, yaratgan asarlari tahlili bilan cheklanmaydi. Balki Samarqandda XV asrning ikkinchi yarmi boshida mavjud bo‘lgan madaniy-adabiy muhit to‘g‘risida maroqli lavhalarni keltiradi» (A.Qayumov). «Uning bu sohadagi tadqiqotlari, asarlari hamon o‘z qimmatini to‘la saqlab kelmoqda» (A.Hayitmetov).
XX asrning 40-yillaridan boshlab V.Abdullayevning diqqat e’tiborini o‘zbek adabiyotining kam o‘rganilgan yoki umuman o‘rganilmagan davri muammolari o‘ziga tortdi. Shunday davrlardan biri XVII-XVIII asrlar o‘zbek adabiyoti edi. Olim mashhur sharqshunoslar Ye.E.Bertels va S.Ayniy maslahati bilan turli xil bahsu munozaralarga sabab bo‘lib kelayotgan Xorazm vohasidagi adabiy hayotning asosan XVII-XVIII asrlardagi holatini tadqiq etishga kirishdi. Olim nomlari o‘sha paytgacha unutilish, meroslari yo‘qolish holatiga kelib qolgan o‘nlab o‘zbek shoirlarini, ularning asarlarini aniqlashdi, tadqiq etdi hamda o‘zbek adabiyoti tarixiga olib kirdi.
Uzoq yillar davomida Samarqandda adabiyotshunoslik maktabini yaratishga intilgan V.Abdullayevning ilm va ta’lim sohasidagi ulkan xizmatlarini e’tirof etgan holda, ta’kidlash joizki, uning eng katta yutug‘i o‘z atrofiga zukko, salohiyatli, madaniy-ma’naviy merosimizni xolis, ilmiy asosda baholay oladigan, chuqur tahlil va tadqiq eta oladigan yosh kadrlarni to‘plash, ularni har taraflama qo‘llab-quvvatlash, ularning ilm osmonidagi parvozlari uchun qanot, poydevor hozirlash yo‘lidagi tantiligi, fidoyiligida namoyon bo‘ladi. Olimning bu fazilati ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilgan.
Ustoz-murabbiy Vohid Abdullayevning sa’y-harakatlari natijasida adabiyotshunoslik, xususan, o‘zbek va tojik adabiyoti tarixi ilmi taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan bir guruh yetuk olimlar jamlandi. Bu esa alohida olimlarning faoliyati shaklida rivojlanayotgan adabiyotshunoslikning ilmiy maktab darajasiga yetganligidan dalolat berar edi. B.Valixo‘jayev, N.Shukurov, S.Mirzayev, R.Orzibekov, O.Ikromov, I.Salohiy, S.Sa’diyev, S.Halimov, Sh.Shukurov, Q.Tohirov, A.Abdurahmonov, Sh.Xolmatov kabi yirik adabiyotshunos, matnshunos olimlarning akademik V.Abdullayev rahbarligida mazkur davrdagi ilmiy-pedagogik faoliyati Samarqand adabiyotshunosligining yuksalish davri edi.
Akademik V.Abdullayevning munosib shogirdi Samarqand adabiyotshunoslik maktabining yirik vakillaridan biri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik Botirxon Valixo‘jayevning 1960-yilda akademik V.Abdullayev rahbarligida himoya qilgan «O‘zbekistonda adabiy-tanqidiy qarashlar taraqqiyoti tarixi (XV-XIX asrlar)» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasi o‘zbek adabiyotshunosligida katta ahamiyat kasb etdi. Mazkur tadqiqot olimni fanning chinakam fidoyisi, e’tirofga molik salohiyat egasi sifatida namoyish etdi. Olim ushbu mavzudagi tadqiqotlarini tinimsiz davom ettirdi, yangi dalil va ma’lumotlar bilan boyitdi hamda «O‘zbek adabiyotshunosligi tarixi» nomi bilan nashr ettirdi (Toshkent, 1993). Hozirga qadar mazkur asar oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakulteti talabalari uchun asosiy qo‘llanma vazifasini bajarib kelmoqda.
B.Valixo‘jayev o‘zbek adabiyotshunosligida ilk marotaba epik she’riyat tarixini yaxlit hodisa sifatida keng qamrovda tadqiq etishi natijasida janr va uslub rang-barangligi, dostonnavislikning shakllanishi va taraqqiyot bosqichlari, an’ana va novatorlik, xususan, badiiy tarjima va nazira an’analarining qorishib ketishi kabi masalalarning ilmiy xulosalari, mantiqiy asoslarini ochib berdi. Olimning yillar davomida olib borgan mashaqqatli ilmiy kuzatishlarining hosilasi natijasida «O‘zbek epik poeziyasi tarixidan» (Toshkent, 1974), «Miriy va uning zamondoshlari» (hammuallif akad.V.Abdullayev, Toshkent, 1977) nomli alohida nashrlar amalga oshdi.
Boturxon Valixo‘jayevning «Mirzo Ulug‘bek davri madrasalari», «Samarqandda oliy ta’lim - madrasai oliya. Universitet tarixidan lavhalar» nomli risolalarining mazmunida 1420-yilda ta’sis etilgan Mirzo Ulug‘bek madrasai oliya majmuasi oliy ta’limimiz tarixida alohida sahifani tashkil etgani, Samarqand davlat universiteti esa Ulug‘bek madrasai oliyasining bevosita vorisi va davomchisi ekanligi o‘z aksini topgandir.
Olim o‘zining yirik monografiya va risolalari bilan, shuningdek, teran tahlillar va xulosalarga boy maqolalari bilan ham nozikta’b jamoat ahli va keng o‘quvchilar nazariga tushdi. Afg‘oniston, Turkiya, Eron, g‘arb mamlakatlaridan Chexiya, Italiya va AQSH nashrlarida olimning qator maqolalari, risola va monografiyalari chop etildi. Jumladan, «Zahiriddin Muhammad Bobur» maqolasi Afg‘onistonning Qobul shahrida o‘zbek tilida chop etiladigan «Yulduz» haftanomasining 1982-1983-yillardagi 24 sonida alohida e’tirof bilan muntazam nashr etildi. «Muhaqqiqi buzurgi du adabiyot» (Dushanbe, 1978), «Chakidahoi qalam» (Dushanbe, 1992), «Xocha Ahrori Valy» (Tehron, 1997), «Ulug‘bek Mirzo davri madrasalari» (Istambul, 2003) kabi kitoblarning xorijiy nashrlarda chop etilishi adabiyotshunosligimizdagi katta yutuqlardan bo‘ldi. Bu esa zahmatkash olimning vatanimiz fani taraqqiyotini ta’minlash va uning dovrug‘i sarhadlarini yanada kengaytirish sohasiga qo‘shgan hissasidir.
Akademiklar V.Abdullayev va B.Valixo‘jayev rahbarligidagi Samarqand adabiyotshunosligi ilmiy maktabi vakillarining tadqiqotlari natijasi o‘laroq, Shayximbek Suhayliy, Mavlono Vafo - Vafoyi, Mavlono Nodir, Pahlavonquli Ravnaq, Mavlono Roqim, Muhammadniyoz Nishotiy, Muhammad Xokisor, Nurmuhammad Andalib, Shavqiy Kattaqo‘rg‘oniy, Noqis, Ahqar, Dabiriy, Ochildimurod Miriy, Humuliy Urgutiy kabi o‘zbek va fors-tojik mumtoz adabiyoti tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ijod sohiblarining hayoti va adabiy merosi haqida fundamental tadqiqotlar maydonga keldi. Mavlono Lutfiy, Fazlulloh Abullaysiy, Alisher Navoiy, Xo‘ja Ahrori Vali, Bobo Xudoydodi Vali, Maxdumi A’zam Dahbediy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Bayramxon hamda Markaziy Osiy xalqlari madaniyati tarixida yuksak o‘ringa ega bo‘lgan boshqa ko‘plab olim, mutafakkir va ijodkorlarning yangi qirralari kashf etildi. Quvonarlisi, bu an’ana keyingi yillarda ham davom etib, Asiriy, Muhyi, Qoriy va Sadoyi kabi adabiyotimiz tarixining o‘ziga xos namoyandalari hayoti va adabiy merosiga oid yangi ma’lumotlar mazkur maktabning yosh vakillari tomonidan ilmiy jamoatchilikka ma’lum qilindi.
O‘zbek adabiyotshunosligining poydevori o‘rnatilgan Samarqandda ustozlarning ishlarini munosib davom ettirayotgan yirik olimlar rahbarligida bugungi kunda ham mumtoz adabiyotimizning dolzarb masalalari, mumtoz adabiy manbalarni aniqlash, matniy tadqiq etish sohasida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Mustaqillik yillarida SamDU mumtoz adabiyot tarixi (o‘zbek adabiyoti tarixi) kafedrasida sakkizta doktorlik va o‘ttizdan ortiq nomzodlik va PhD dissertatsiyalari himoya qilindi. Bu esa poydevori mustahkam bo‘lgan ilmiy maktabning istiqboli yorqin ekanligidan guvohlik beradi.
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat Universiteti rektori R.I.Xolmuradovning bevosita sa’y-harakatlari natijasida filologiya fakultetlari bazasida Markaziy Osiyo xalqlari tili va madaniyati institutining tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi desak, adashmagan bo‘lamiz. Bu g‘oyaning tamal toshi ham yuqorida zikr etilgan ustozlarning uzoq yillik mashaqqatli va sharafli mehnatlari zaminida o‘rnatilgan. O‘zbek va fors-tojik (S.Ayniy, A.Sa’diy, V.Abdullayev, B.Valixo‘jayev, S.Sa’diyev, Sh.Shukurov, R.Vohidov va boshqalar), o‘zbek va turkman (V.Abdullayev, K.Tohirov) xalqlarining madaniy va adabiy aloqalari Samarqand adabiyotshunoslik maktabining asosiy tadqiqot yo‘nalishlaridan bo‘lgan. So‘nggi yillarda o‘zbek va usmonli turk, o‘zbek va qozoq, o‘zbek va qirg‘iz xalqlari tili, madaniyati va adabiyotidagi mushtarak jihatlar, madaniy integratsiya muammolari va imkoniyatlari doirasida muhim va salmoqli ishlar bajarilmoqda. Ayni damda Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa davlatlardan taklif qilingan yirik mutaxassislar Samarqand adabiyotshunoslik maktabining yangi avlodi bilan hamkorlikda bugungi murakkab geosiyosiy va intellektual evrilishlar zamonida umumiy madaniy merosimizning yangi qirralari hamda jahoniy ahamiyati, kishilik jamiyatining mustahkamlanishi, barqarorlashuvi yo‘lida xizmat qilish imkoniyatlarini tadqiq etishda davom etmoqda. O‘ylaymizki, bu sa’y-harakatlar ayni damda muborak yoshini nishonlayotgan Samarqand davlat universitetining Markaziy Osiyo va umuman jahon ta’lim muassasalari orasidagi nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shadi.
Muslihiddin Muhiddinov filologiya fanlari doktori, professor;
Sobirjon Tohirov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent