Shoirini ardoqlagan yurt
Oʻtgan asrning 80-yillari boshida adabiyotga kirib kelgan shoira Zulfiya Moʻminova qariyb qirq yildirki, oʻz vijdonini, jamiyat, insoniyatning vijdonini soʻroqlashdan toʻxtagani yoʻq.
Oʻtgan asrning 80-yillari boshida adabiyotga kirib kelgan shoira Zulfiya Moʻminova qariyb qirq yildirki, oʻz vijdonini, jamiyat, insoniyatning vijdonini soʻroqlashdan toʻxtagani yoʻq.
Bugun adabiyotga, ijod odamlariga boʻlgan yuksak ezgu munosabat, xususan, Zulfiya Moʻminova hayoti va ijodida ham oʻzining munosib ifodasini topmoqda. Mamlakatimizda kechayotgan keyingi yillardagi yangilanish, oʻzgarishlar shoira adabiy faoliyatida ham yangi ijodiy ufqlarni ochdi, desak aslo mubolagʻa emas.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida “Mehnat shuhrati” va “Doʻstlik” ordenlari sohibasi, shoira Zulfiya Moʻminova tavalludining 60 yilligi munosabati bilan Samarqand shahridagi Yoshlar markazida va shoiraning tugʻilgan yurti Narpay tumanida uyushtirilgan ijodiy uchrashuvlar chinakam sheʼriyat bayramiga aylanib ketdi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston Qahramoni Hasan Normurodov shoirani qutlugʻ yoshi bilan tabriklar ekan, bu adabiy tadbir mamlakatimizda adabiyotga boʻlgan eʼtiborning yana bir goʻzal namunasi ekanligini alohida taʼkidladi. Oʻzbekiston xalq shoirlari Usmon Azim, Mahmud Toir, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmon, taniqli shoirlar Farida Afroʻz, Xosiyat Bobomurodova, Nodir Jonuzoq va boshqalar tomonidan aytilgan soʻz va sheʼrlar maʼrifiy-adabiy tadbirning asosiy qatnashchilari boʻlgan ijodkor yoshlar va talabalarga katta maʼnaviy dars boʻldi, ularda unutilmas katta taassurot qoldirdi.
Talaba-yoshlar shoira sheʼrlaridan namunalar oʻqishdi. Sanʼatkorlarning shoira sheʼrlariga bastalangan kuy va qoʻshiqlari adabiy davraga oʻzgacha fayz bagʻishladi.