Shoirdan farzandga so‘z meros qoladi
O‘tgan asrning 70-80 yillarida o‘zbek zamonaviy she’riyatida yangi ovozlar, o‘zgacha ohanga ega misralar bitadigan shoirlar bo‘y ko‘rsatgan.
Ular orasida A’zam O‘ktam va Chori Avaz birinchilar qatorida bo‘lgan. Qiz bola otasiga mehribon bo‘ladi, degan gap bor xalqimizda. Qizning voyaga yetishi, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishida otaning hissasi beqiyos.
Afsuski, yuqorida ismi qayd etilgan ikki shoirning farzandlari erta otalik mehridan mahrum bo‘lgan. Ammo hayot yo‘lida shoirning farzandi ekanligi doim as qotgan, ruhan madad bo‘lgan. O‘zA muxbiri shoir A’zam O‘ktam va Chori Avazning qizlaridan otalari haqidagi xotiralarini yozib oldi.
To‘maris A’zam(olima):

– Dadam A’zam O‘ktam to‘g‘riso‘z, birovni haqidan qo‘rqadigan, mehnatkash, adolatli inson edi. Bizga ham doim ana shunday bo‘lishni uqtirardi. She’rlarida ham jur’atli, xalqparvar bo‘lishimizni istardi.
QANOTLARIM
Ko‘zginamning oqi – To‘maris
Temur – ko‘zimning qorasi
Biri yovim qirar, birisi qarg‘ar,
Unisi lochinim, bunisi gulim.
U mag‘rur boqsa, bu jovdirab qarar,
U birla umr xush, bu birla o‘lim.
Yolg‘iz Olloh erur qodir, bilgichim,
Mudom sidqu tavfiq tilarim shundan.
Udir tobutkashim, budir yig‘ichim,
Undan umid qilib, qo‘rqaman bundan.
Dadamni hamma har doim so‘zi ham, amali ham bir deyishardi va hech qachon yolg‘on gapirmasdi. Haqiqatning yuziga tik boqardi. O‘ta xalqparvar edi. Bizga ham buni uqtirardi. Bolaligimizda Abdulla Qodiriyni o‘z bobomiz bo‘lsa kerak deb o‘ylardik. Sababi doim Abdulla bobom deb gapirardik.
Dadam sabab biz farzandlar, avvalo Allohni erta tanidik. Kitobga o‘zgacha mehr qo‘ydik. Yaxshilik, savob qilishni o‘rgandik. Insonlarga beminnat yordamni, jigarlarga doimo muruvvatli bo‘lishni, insonlarni, yaqinlarni manfaatsiz sevishni o‘rgandik.
Meni ko‘pchilik dadamga o‘xshatishadi. Nafaqat ko‘rinish, balki xarakter jihatdan ham o‘xshaymiz. Bilganimizni ko‘z-ko‘z qilmaymiz. Maqtanmaymiz va birov maqtaganini birovlarga oshkor qilmaymiz.
Hozir mana shu jihatlarim dadamga o‘xshaydi, desam biroz nokamtarlik bo‘ladi. Qaniydi, dadamga har tomonlama o‘xshasam, deyman. Agar kimdir otasiga tortibdi, otasiga rahmat, A’zamning farzandlari o‘ziga munosib bo‘libdi, desa bundan behad baxtiyor bo‘laman.
Dadam jisman bizni tark etganiga 20 yil bo‘ldi. Ammo ruhan biz bilan birga bo‘lishiga qaramay, men xuddi dadamni kechagina yo‘qotganday bo‘laveraman. Yo‘qligi har qadamda sezilaveradi. Juda ham sog‘inaman. Toshkentning har bir ko‘chasi dadamni eslataveradi.
Dadam deyishim bilan bo‘g‘zimga achchiq yig‘i tiqiladi. Sog‘inganimda haqlariga duo qilaman, lekin Qo‘qonga qanot qoqib ketgim keladi. Qo‘qon, Buvayda degan yozuvni ko‘rishim bilan dada, keldim deb xayolan suhbatlashaman. Yengil tortaman. Qattiq sog‘inganimda ukamni ko‘rgim, amaki, ammalarim bilan gaplashgim keladi. Dadamdan hammasi uchun, ayniqsa o‘z yurtiga biz farzandlarda cheksiz muhabbat qoldirgani uchun minnatdor bo‘laman.
Guli Nigor(shoira):
– Otam iste’dodli shoir va tarjimon Chori Avaz 1992 yilda (4 yosh bo‘lganman) vafot etgan. Shu sababli ularning aynan men uchun, o‘zimga atalgan o‘gitlarini eslay olmayman.
Bolalik xotiralarimda bo‘yi uzun, ozg‘indan kelgan inson – dadamning qo‘llariga arang bo‘yim yetib turganini eslayman, xolos. Oyijonim dadang haqiqatparvar, cho‘rtkesar inson edi, adolatsizlikka toqat qila olmasdi, deya ko‘p bora ta’kidlaganidan o‘zimga kerakli xulosa chiqarib olganman.
Chori Avazning qiziman, deya davralarda boshimni baland ko‘tarib yura olaman. Sababi, ularni tanigan insonlar borki, doim yaxshi xotiralarni eslashadi. Vijdoniga, iymoniga xiyonat qilmagan inson edi, deyishadi. Jisman yonimda bo‘lmasalarda, doim shu insonning farzandiman degan his meni dadil qadam tashlashga undaydi, go‘yoki meni suyab turadi.
Oyijonimning aytishicha, dadam yaxshi ma’nodagi qaysar inson bo‘lgan ekan, ya’ni bir ishni boshladimi, duch kelgan to‘siqlar, mashaqqatlarni yengib o‘tib, o‘z maqsadlari tomon yurishdan to‘xtamagan.
Menda ham shu odat bor. Ko‘nglim buyurgan biror maqsadim necha yilda amalga oshishidan qat’i nazar to‘xtamayman. Biroq yoshim ulg‘aygani ta’sir qilyaptimi ilgarigi cho‘rtkesarligim yo‘qolgan. Menimcha, har bir farzand o‘z ota-onasini garchi ular hayot
Nurullo Nasriyev UzA, [31.03.2022 14:44]
bo‘lsalarda sog‘inib yashaydi.
Ayniqsa, otalar qizining hayotidagi eng muhim inson bo‘lishadi. Albatta dadamni sog‘inaman. Ba’zi vaqtlar bo‘ladiki ko‘rgim, ovozini eshitgim, qo‘llarini ushlagim keladi.
Ular bilan soatlab suhbatlashgim keladi... Biroq... Tushlarimga kirib chiqadi. Mana hozir gapiradi, ovozlarini eshitaman, dadamning gaplarini tinglayman deb yuragim hapqirib ketadi, afsuski, doim shu lahzalarda uyg‘onib ketaman.
Dadamni sog‘insam kitoblarini qo‘limga olaman. She’rlarini o‘qiyman. Xayolan ular bilan suhbatlashaman. Savollarimni beraman va ularga o‘zim dadamning she’rlaridan javob topishga harakat qilaman. Farzandlarimga bobosi haqida aytaman, she’rlaridan o‘qib beraman.
O‘zA muxbiri
Dilobar Mamatova
yozib oldi