Shijoat va g‘ayrat sohiblari bellashdi
Sirdaryo viloyatida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash va harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratilgan “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Sirdaryo viloyatida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash va harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratilgan “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.


Mirzaobod tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi ixtisoslashtirilgan o‘quv markazida bo‘lib o‘tgan musobaqada shahar va tumanlardan tashrif buyurgan yoshlar jamoalari ishtirok etdi. Sirdaryo viloyati hokimligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Yoshlar ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi, Mudofaa ishlari va Sport boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan mazkur tadbir yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.


Musobaqa ishtirokchilari olti shart bo‘yicha bellashib, jismoniy tayyorgarlik, harbiy-amaliy ko‘nikmalar, aniqlik, chaqqonlik va jamoaviy hamjihatlik borasidagi mahoratlarini namoyon etishdi. Har bir shart malakali hakamlar tomonidan baholanib, ishtirokchilarning tayyorgarlik darajasi va mahoratiga munosib baho berildi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar natijasida Mirzaobod tumani jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Sirdaryo tumani jamoasi ikkinchi, Oqoltin tumani jamoasi esa uchinchi o‘rin sohibiga aylandi.

Musobaqa doirasida bir qator maxsus nominatsiyalar ham e’lon qilindi. Oqoltinlik Sarvarbek Anvarbekov “Eng kuchli sportchi”, Samandar Bebitov “Eng chaqqon o‘smir” deb topildi. Sirdaryo tumanidan Laylo Shavkatova “Eng chaqqon qiz”, Xolida Mo‘minqulova “Eng yaxshi qurolsoz” nominatsiyalari g‘olibi bo‘ldi. Guliston tumanidan musobaqaga kelgan Ozodbek Ziyodullayev esa “Eng kuchli mergan” sifatida e’tirof etildi.




Taqdirlash marosimida Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlarga diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alarini topshirdi. Birinchi o‘rinni egallagan jamoaga respublika bosqichida ishtirok etish huquqini beruvchi yo‘llanma ham taqdim etildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA