Shifokor nihoyat o‘z ustama haqini olishga erishdi
Bemor og‘rig‘ini yengillatish, inson hayotini asrab qolish uchun kunni tunga ulab xizmat qiladigan shifokor mehnati jamiyatda eng yuksak qadrga loyiq. Ammo Sirdaryodagi Respublika tez tibbiy yordam markazi filialida navbatchi shifokor sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Husniddin Ismailovning xizmatlari uzoq vaqt yetarlicha baholanmadi.
U ko‘p yillik halol mehnati uchun belgilangan ustama haqini olish maqsadida muassasaning sobiq va amaldagi rahbarlariga bir necha bor murojaat qildi. Biroq adolatli talab uzoq vaqt o‘z yechimini topmadi.
Oxir-oqibat shifokor o‘z haq-huquqini tiklash uchun O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasiga murojaat etdi. Murojaat Sirdaryo viloyati bo‘yicha mehnat huquqi inspektori A.Albekov tomonidan o‘rganilib, 2025 yil 30 iyun kuni ish beruvchiga ustama haqini to‘lash yuzasidan rasmiy ko‘rsatma yuborildi.
Shundan so‘ng, Respublika tez tibbiy yordam markazi Sirdaryo viloyati filiali X. Ismailovga 2023 yil uchun 5 mln 897 ming 838 so‘m, 2024 yil uchun 7 mln 362 ming 395 so‘m va 2025 yil uchun 1 mln 869 ming 340 so‘m, jami 15 mln 129 ming 573 so‘m ustama haqini to‘lab berdi. Shu tariqa shifokorning qonuniy talabi qondirildi.
Biroq bu holat bir savolni o‘rtaga qo‘yadi: nima uchun xodim o‘z haq-huquqini tiklash uchun turli idoralarga sarson bo‘lishi kerak? Nega qonun hujjatlarida belgilangan kafolatlar o‘z vaqtida ijro etilmaydi?
Bu voqea kasaba uyushmalarining ahamiyati va xodim manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rni naqadar muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri