Shifobaxsh ne’mat ko‘p bo‘ladi
Jizzax viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida 800 tonnadan ziyod shifobaxsh mahsulot yetishtirildi.
Jizzax viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida 800 tonnadan ziyod shifobaxsh mahsulot yetishtirildi.Jizzax tumanidagi “Zomin asali” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Zomin asali” yorlig‘i ostida ishlab chiqarilayotgan 350-900 grammli va 1 kilogrammli shisha idishlarda qadoqlanayotgan asal xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Dastlab 50 asalari oilasi bilan faoliyat boshlagan jamiyatning sakkiz kishilik jamoasi bugungi kunda 500 asalari oilasidan yiliga 10 tonnagacha sifatli mahsulot olishga erishayotir.
– Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor faoliyatimizni kengaytirish va mahsulotimizni eksportga yo‘naltirishga undamoqda, – deydi “Zomin asali” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari G‘ayratxo‘ja Ahmedov. – Shu maqsadda bankdan olingan 70 ming dollar kredit evaziga zamonaviy qadoqlash uskunalari keltirib, mahsulotimizni xorijga eksport qilishni rejalashtirganmiz. Asalning sifati ko‘p jihatdan asalarining qayerda boqilishiga bog‘liq. Viloyatimizning Zomin, Baxmal, Yangiobod kabi tog‘li tumanlari asalarichik uchun juda qulay hududlardir. Bu yerlarda olinadigan asal shifobaxshligi bilan ajralib turadi.
Ayni paytda jamoa a’zolari asalarini biologik talablar asosida parvarishlash hisobiga asaldan tashqari, asalari suti, gul changi, propolis kabi dorivor mahsulotlar ham yetishtirmoqda.
Bu foydali va serdaromad tarmoqni rivojlantirishda viloyat asalarichilar uyushmasining ham alohida o‘rni bor. Uyushma 40 dan ziyod asalarichilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi hamda xususiy tadbirkorlarga soha rivoji uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlarning huquqiy asoslarini tushuntirib, faoliyatini kengaytirish va sifatli mahsulot ishlab chiqarishda amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Asalarichilikni yo‘lga qo‘yayotgan fermerlarga joriy yilning o‘tgan davrida 549 million so‘m bank krediti ajratilib, 38 fermer xo‘jaligi 900 qutidan ko‘proq asalari oilasi sotib oldi. Bu viloyat asalarichilari tomonidan eksportga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilmoqda.