Shaxmat: yoshlar o‘rtasida Jahon chempionatining bugungi turida hamyurtimiz AQSH vakili bilan kuch sinashadi
Italiyaning Montesilvano shahrida 84 mamlakatning 778 nafar yosh shaxmatchilari 14, 16 va 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar hamda qizlar o‘rtasidagi “FIDE World Youth Chess Championship 2026” musobaqalarida dona surmoqda.
Dunyoning eng iqtidorli “aql gimnastikasi” sohiblari qatnashayotgan dunyo birinchiligida O‘zbekiston sharafini 9 nafar yosh shaxmatchimiz himoya qilmoqda.
O‘tkazilgan 8 ta tur o‘yinlaridan keyin O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Sarvinoz Bekmuratova 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida 6,5 ochko jamg‘argan holda 110 nafar ishtirokchi orasida qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 2-o‘rinni band etib turibdi. Yana bir shaxmatchi qizimiz Lazizabonu Komiljonova mazkur yosh toifasida 5,5 ochko bilan 12-o‘rinda harakatlanmoqda.
Ushbu yosh toifasida 7 ochko to‘plagan ozarbayjonlik Zaxra Allaxverdi musobaqa jadvalida peshqadamlik qilmoqda. 3-o‘rindan joy olgan polshalik Blanka Ejsemont hisobida ham 6,5 ochko mavjud.

Shuningdek, 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar musobaqasida qatnashayotgan hamyurtimiz Ruqiya Olimova 4,5 ochko bilan 107 nafar tengdoshlari orasida 42-qatorni, 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar orasida Mumtozbegim Mansurova 4 ochko bilan 104 nafar qatnashchi orasida 48-pog‘onani, 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida Sa’dullo Azizov 5 ochko bilan 150 nafar ishtirokchi orasida 35, Rauf Qosimov 4,5 ochko bilan 41, 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida Akobirxon Saidaliyev 4,5 ochko bilan 131 nafar tengqurlari orasida 44-pog‘onada harakatlanmoqda.
Bugun, 24-iyun kuni o‘tkaziladigan 9-tur musobaqasida o‘z yosh toifasida sovrinli o‘rinlardan biriga da’vogarlik qilayotgan Sarvinoz Bekmuratova oq donalarda AQSHlik Laura Qiu bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, 11 ta turdan iborat “FIDE World Youth Chess Championship 2026” bahslarining so‘nggi tur o‘yinlari 26-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA