Shaxmat: Yevropa kubogida Abdusattorov va Yoqubboyevning jamoalari yetakchi
Bugun ko‘hna qit’a shaxmat ishqibozlari Yevropa kubogining 6-turida Abdusattorov-Yoqubboyev o‘rtasidagi o‘yinga guvoh bo‘lishlari mumkin.
Chernogoriyaning Budva shahrida shaxmat bo‘yicha klublar o‘rtasida o‘tayotgan Yevropa kubogining ortda qolgan 5-tur o‘yinlaridan keyin Nodirbek Abdusattorovning “SuperChess Romania” va Nodirbek Yoqubboyevning “Novy Bor Chess Club” jamoalari 10 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.

Kecha o‘tkazilgan 5-tur musobaqasida “SuperChess Romania” shaxmatchilari Vasiliy Ivanchuk yetakchiligidagi “SK K CERO INVEST Nitra” jamoasini 5,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi. Jamoalar qarama-qarshiligidagi bahsda Abdusattorov va Ivanchuk 1-taxtada kuch sinashdi. Qiziqarli kechgan o‘yinda Nodirbek qora donalarda Ivanchuk bilan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, Abdusattorovning jamoadoshlari raqiblarini taslim etdi.

Mazkur turda Nodirbek Yoqubboyev dona surayotgan “Novy Bor Chess Club” jamoasi Arjun Erigaisi yetakchiligidagi “Alkaloid” vakillari bilan to‘qnash keldi. Uchrashuvda “Novy Bor Chess Club” jamoasi 4:2 hisobida ustunlikka erishdi. 1-taxtada Yoqubboyev qora donalarda Erigaisi bilan durang o‘ynab, jamoasiga muhim ochkoni taqdim etdi.

Bugun, 22-oktabr kuni Yevropa kubogining 6-tur musobaqasida “SuperChess Romania” jamoasi “Novy Bor Chess Club” bilan ro‘baro‘ kelishi ortidan nufuzli musobaqada shaxmat ishqibozlari Budva shaxmat maydonida Abdusattorov-Yoqubboyev “jangi”ga guvoh bo‘lishi mumkin.
6-tur o‘yinlari ostonasida “SuperChess Romania” va “Novy Bor Chess Club” jamoalari 10 ochko bilan 108 ta jamoa orasida yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, Anish Giri sardorligidagi “Bayegan Pendik Chess Sports Club” hamda Pranesh yetakchiligidagi “Tuxera Aquaprofit Nagykanizsai” jamoalari 9 ochko bilan keyingi pog‘onalarni band etgan.
Eslatib o‘tamiz, 7 ta turdan iborat Yevropa kubogining so‘nggi tur o‘yinlari ertaga, 23-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA